Ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjat xodimlarni kasbiy xavf-xatardan himoya qiladi

11:15 04 May 2023 Siyosat
1080 0

Foto: "Xalq so'zi"

Senatning qirqinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy qonunchilik yoki me’yoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

Senatorlar tomonidan Konvensiyani ratifikatsiya qilishda tizimli nazorat choralarini, shu jumladan, ish joylarida mehnat sharoitlarini, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash belgilanganligi ta’kidlandi.

Muhokama jarayonida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga sezilarli turtki berishi qayd etildi.

Ushbu Konvensiya jahonning 47 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Senatorlar Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirishga, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik bo‘yicha xalqaro standartlarning samarali joriy etilishini ta’minlashga xizmat qilishini, shuningdek, mamlakatimizning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro tamoyil va standartlarga sodiqligini namoyish etishini ta’kidladilar.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto:  "Xalq so'zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?