Raqobat talablari nega bajarilmayapti?

17:29 09 Oktyabr 2020 Siyosat
1562 0

“Uzbekistan Airways, “Uzbekistan Airports”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” hamda «Oʻzmetkombinat» aksiyadorlik jamiyatlari bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan sanaladi.

Xoʻsh, ular koʻrsatayotgan xizmatlardan xalqimiz qay darajada rozi? “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari doirasida mazkur korxonalarda qanday ish olib borilyapti?

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasiga fuqarolar tomonidan tushgan murojaatlar asosida aynan shu tarmoqlarning faoliyati batafsil oʻrganildi. Taassuflanarli jihati, natijalar bizni va fuqarolarimizni xursand qiladigan darajada emas.

Masalan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatida raqobatbardoshlikni oshirishga salbiy taʼsir etuvchi bir qator omillar mavjudligi aniqlandi. Eng avvalo, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi bois “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qoʻllashdan manfaatdor emas. Shu bilan birga, tarmoqda mijozlar uchun nihoyatda koʻp qulaylik yaratadigan raqamli mahsulotlarni qoʻllash tizimi sust tashkil etilgan.

Tizimda raqobatni cheklashning turli shakli qoʻllab kelinyapti. Xususan, jamiyat faqat 4 ta ekspeditorlik tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan. Boshqa ekspeditorlar faqat ushbu tashkilotlar orqali faoliyat olib borishi mumkin boʻlib, bu ishtirokchilarga tovar, moliya va xizmatlar bozorlarida tengsizlikni keltirib chiqarmoqda.

Aholiga xizmat koʻrsatish tizimida vokzallarga kirish haddan ziyod tartibga solingan boʻlib, byurokratik tamoyillar kuchaytirib yuborilgan va natijasida ularning oʻzini-oʻzi taʼminlashi uchun mavjud imkoniyatlar va xalqaro tajribalar amalda qoʻllanilmasdan kelinmoqda.

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimida ham Qonun ijrosi sust darajada. Oʻtkazilgan tahlillar jarayonida havo transporti sohasining ichki va tashqi bozorda raqobatdoshlik holatiga salbiy taʼsir etuvchi qator omillar aniqlandi. Jumladan, “Uzbekistan Airways” AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona milliy kompaniya boʻlgani uchun raqobat muhiti mavjud emas. Tabiiyki, ana shunday bir sharoitda kompaniyaning faoliyat samaradorligini oshirishga intilish boʻlmasligi turgan gap.

Qolaversa, “Uzbekistan Airways” AJ tizimida yuk tashish yoʻnalishini rivojlantirish qoʻshimcha daromad manbai sifatida koʻrib chiqilishi kerak boʻlgani holda, bu masala hozirgacha ochiq qolmoqda. Koʻrsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03 foizni tashkil etganligi ham bu boradagi ishlar qoniqarli emasligini koʻrsatadi. Vaholanki, jahon miqyosida mazkur koʻrsatkich 35 foizga yetgan.

Shuningdek, aeroportlar zamonaviy uskunalar bilan yetarli darajada jihozlanmaganligi bois samolyotlarni yuqori sifatli qabul qilish va texnik xizmat koʻrsatish darajasi ancha past. Bu masalaning boshqa jihatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatyapti, yaʼni aeroportlarning hamkor sifatidagi jozibadorligini pasaytirib yuborgan.

Ishchi guruh “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning «Oʻzmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijro etilishini ham batafsil oʻrganib chiqdi.

Mazkur aksiyadorlik jamiyati 1994-yilda maydalovchi poʻlat sharlar mahsuloti boʻyicha va 2020-yilda lom va qora metallar chiqindilarini (xarid qilish) tayyorlash xizmati boʻyicha Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyuldagi «Oʻzmetkombinat» AJni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, «Oʻzmetkombinat» AJ respublika hududida qora metall parchalari va chiqindilarni tayyorlash (xarid qilish) boʻyicha yagona vakolatli organ hisoblanadi va respublika hududida yigʻilgan metallolom faqat ushbu kombinatga topshiriladi.

Aslida hozirgi paytda ishlab chiqarish bozorida import qilingan metall parchalari va boshqa metall mahsulotlaridan foydalanib faoliyat yuritayotgan 1,2 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar mavjud.

Metall parchalarini qabul qilish esa faqatgina «Oʻzmetkombinat» AJning tizimidagi «Ikkilamchiqorametallar» boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Qora metall parchalari va chiqindilarining xarid qiymati past boʻlgani bois tadbirkorlar va aholi ularni «Oʻzmetkombinat» AJ taklif etayotgan narxlarda topshirishdan manfaatdor emas.

Qolaversa, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qarori bilan joriy yilning 1-iyunidan yil oxirigacha «Oʻzmetkombinat» AJda ishlab chiqariladigan tovarlarning analogini respublikaga import qilishning taqiqlanishi ham raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Buning oqibatida qurilishda ishlatiladigan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarishni toʻxtatishi va natijada ish oʻrinlari yoʻqotilishi mumkin.

«Oʻzmetkombinat» AJda mavjud imtiyoz va preferensiyalar bozorning boshqa ishtirokchilari uchun teng boʻlmagan sharoit yaratmoqda. Shuningdek, unda katta miqdordagi sohaga taalluqli boʻlmagan aktivlarning mavjudligi moliyaviy mablagʻlar va vaqt resurslarining notoʻgʻri yoʻnaltirilishiga olib kelmoqda.

Yaqinda qoʻmitamiz tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida tashkil etilgan videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisda ana shu masalalar atroflicha tahlil qilindi. Ular ekspertlar tomonidan sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida batafsil muhokama qilindi. Yakunda bu boʻyicha qoʻmitamizning tegishli qarori qabul qilindi. Shu bilan birga, belgilangan choralarning oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan parlament nazorati oʻrnatildi.

Oʻylaymizki, mazkur masalalarning ijobiy hal etilishi fuqarolarga qulaylik yaratishi bilan birga, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, biz, senatorlar mazkur masalalarga yechim topishda soha mutasaddilariga kamarbasta boʻlish talab etiladi.

Sanobar SUYAROVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер