Raqamli iqtisodiyot kon sanoatini yangi bosqichga olib chiqmoqda

13:54 01 Iyun 2022 Jamiyat
513 0

Foto: «Халқ сўзи»

Milliy iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlari samaradorligida raqamli texnologiyalar ishtiroki tobora kengayib bormoqda. Ayrim tarmoqlar, xususan, konchilik sanoatida bu texnologiyalar muntazam takomillashib, global integratsiya jarayonlarida oʻz raqobatbardoshligini taʼminlashni taqozo etayotganligi ham bor gap.

Chunonchi, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ manzilli investitsion loyihalarni amalga oshirish natijasida geologik-qidiruv ishlaridan tortib tayyor mahsulotlarni olishgacha boʻlgan jarayonlarning barchasida toʻliq raqamlashtirishga erishilishi korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortishining yetakchi omillaridan biri boʻlyapti.

Ayniqsa, “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida 2020-2022-yillarda korxona tuzilmalarini raqamli transformatsiya qilish dasturida tasdiqlangan loyihalarda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini qoʻllagan holda, kombinatning yangi foydalanishga topshirilgan 2-gidrometallurgiya zavodining 29- va 30- tegirmonlari hamda 5-gidrometallurgiya va 7-gidrometallurgiya zavodlarini raqamlashtirishning bosqichma-bosqich tatbiq etilishi ish unumdorligini karralarga oshirdi.

Kombinat mutaxassislari tomonidan transport boshqaruvi, ishlab chiqarish, moliya, kadrlar, moddiy-texnik taʼminot, korxonaning energiya resurslarini nazorat qilish, rejali taʼmirlashni boshqarish, buxgalteriya hisobi kabi yoʻnalishlarda 200 ga yaqin ishlab chiqarish va boshqarish vazifalarini bajaradigan 20 dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilgan. Shuningdek, geologik qidiruv maʼlumotlarining elektron bazasini yaratish, konlarning geologik tuzilishini xaritalash, konlarning yon bagʻirlari deformatsiyasini oldindan aniqlash, zaxiralarni hisoblash va konchilik ishlarining 3D-modellarini loyihalashtirish uchun kon-geologik axborot tizimlari joriy etildi.

— Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boʻlayotgan barcha jarayonlarning ajralmas qismidir, — deydi “NKMK” AJ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshligʻi Bahodir Davlatov. — Ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarining uzluksizligi va barqarorligini taʼminlash uchun simli va mobil aloqani taʼminlash, maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarini tashkil qilish, kompyuter va tarmoq infratuzilmasini yaratish, texnologik jarayonlarni axborot tizimlari va avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlarini joriy etish zarur. Bu iqtisodiyot uchun katta foyda keltirish barobarida ishchilar uchun qator qulayliklarni ham yaratmoqda.

Bugungi kunda kombinatda transport va mexanizmlarni boshqarish sunʼiy yoʻldosh monitoringi “AT” orqali amalga oshiriladi. Endilikda soha mutaxassislari tomonidan transport logistikasi va karyer parkini boshqarish, ekskavatorlar va burgʻilash qurilmalarini monitoring qilish axborot tizimlari ishlab chiqish borasida ishlar yakunlanmoqda.

Kombinatning barcha gidrometallurgiya zavodlaridagi avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlari raqamli texnologiyalarga asoslanib, ruda tayyorlash, maydalash, boyitish kabi texnologik jarayonlar toʻliq qamrab olingan. Xususan, 2-gidrometallurgiya zavodini kengaytirish, 3-gidrometallurgiya zavodida mahalliy mutaxassislar ixtirosi samarasi oʻlaroq ishga tushgan kuydirish sexi, yangidan qurib foydalanishga topshirildi. Beshinchi va yettinchi gidrometallurgiya zavodlarida ishlab chiqarishni raqamlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026-yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida “Kokpatas” va «Dovgiztov» konlarining qayta ishlash qiyin boʻlgan maʼdanlaridan oltin ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish loyihasi eng yirik investitsion loyihalardan biri hisoblanadi.

Mazkur majmua oʻzining ilgʻor muhandislik-texnik yechimlari, texnologik jihozlanish darajasi bilan noyobdir. Bu jarayonda, albatta, kombinat muhandislari va olimlarining olib borgan ilmiy-tadqiqotlaridan keng foydalanildi. Hamkorlar – dunyoning sohada yetakchi kompaniyalari, jumladan, Germaniyaning «Injiniring Dobersek» kompaniyasi bilan birgalikda mazkur korxona ishga tushirildi. Majmuaning ishga tushirilishi mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoati tarixida yangi bosqichni boshlab berdi, desak, mubolagʻa emas. Mazkur majmua 3-gidrometallurgiya zavodiga keltirilayotgan xom-ashyodan foydalanish samaradorligini 15 foizgacha, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 11 foizga oshirdi.

Ushbu oltinni qayta ishlash texnologiyasi metallurgiya sanoati uchun noyobdir va hozirgi kunda dunyoda yagona. Jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan. Ishlab chiqarishni boshqarish tizimini tatbiq etishning murakkabligini jarayonga 500 dan ortiq texnologik uskunalar jalb qilinganligi bilan izohlash mumkin. Masalan, nasoslar, filtr presslari, konveyerlar, granulyatorlar, kompressorlar va boshqa bir qator qurilmalar toʻliq raqamli texnologiyalar asosida boshqariladi. Avtomatlashtirish jarayonida 1000 dan ortiq nazorat va oʻlchash asboblari oʻrnatilgan boʻlib, optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi.

— Har qanday korxonada sunʼiy intellektni joriy qilish toʻrt bosqichdan tashkil topadi, ulardan birinchisi – ishlab chiqarish liniyalarini oʻzgartirishga texnik tayyorgarlik koʻrishdir, — deydi “NKMK” AJ ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi boshligʻi Vohidjon Poʻlatov. — Shu maqsadda barcha boʻlinmalarda texnik matematik hisoblashlarni amalga oshirish uchun dasturiy taʼminot yaratilgan. Jumladan, 7-gidrometallurgiya zavodida ishlab chiqarish toʻliq raqamlashtirildi. Masalan, zavodning Sorbentning desorbsiyasi va qayta faollashuvi jarayonida texnologik qoidalarga rioya qilish juda muhim oʻrin tutadi. Chunki toʻyingan sorbent tortib olinadigan metalldan toʻliq tozalanishi va uning sorbsiyalanish xususiyatini tiklashi kerak. Raqamli tizim esa harorat, bosim, ishlov berish uskunalarini toʻldirish darajasi va material sarfi kabi parametrlarni toʻliq nazorat qiladi va tartibga soladi. Ruda tashish va maydalash mexanizmlarini tezkor boshqarish ruda tayyorlash texnologik jarayonining samaradorligini oshirishga va texnologik uskunalarning favqulodda toʻxtash vaqtini kamaytirishga imkon beryapti.

Ekspertlar yirik kompaniyalarning kelajakdagi muvaffaqiyati ishlab chiqarish robotlashtirishga, yaʼni raqamlashtirilgan boshqaruvga oʻtishiga bogʻliq boʻladi, deb hisoblashmoqda. Bu boradagi texnologik jarayonlarni qoʻllash tobora kengayib bormoqda va borgan sayin koʻpdan-koʻp ishlanmalar va tadqiqotlarni talab qilayapti. Hozirda hukumatimiz tomonidan “2022-2026-yillarga moʻljallangan «NKMK” AJda raqamli texnologiyalarni amalga oshirish» dasturi doirasida kelgusida ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalar jadal olib kiriladi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, bugun inson “sunʼiy intellekt” bilan teng harakatlanishga, uning yordamida yangidan-yangi ishlarni roʻyobga chiqarishga intilmoqda. Davlatlarning kuch-qudrati esa ularda “raqamli iqtisodiyot”ning nechogʻlik rivojlangani bilan belgilanmoqda. Shunday sharoitda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ilgʻor axborot texnologiyalarni faol qoʻllash, qoʻllaganda ham shunchaki emas, balki har bir jarayonda ilm-fan va ishlab chiqarishni uygʻunlashtirishga qaratilayotgani bugungi erishayotgan yuqori natijalarga asos boʻlyapti. Muhimi, odamlar turmush sharoiti yaxshilanib, katta-katta innovatsion ishlanmalar, istiqbolli loyihalarga yoʻl ochmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер