Qurbon hayiti namozi hamjihatlikda oʻqildi

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatidagi 133 ta jome masjidida 195 mingdan ortiq yurtdoshimiz Qurbon hayiti namozini ado etdi.
Vohadagi namoz oʻqilgan jome masjidlarning imomlari davlatimiz rahbarining Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakatimizning barcha musulmonlari va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigi hamda kuni kecha futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoamiz Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, xalqimizga ajoyib bayram sovgʻasini taqdim etgani xususida alohida toʻxtaldilar.
Xususan, Termiz shahridagi Hakim Termiziy jome masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum boʻldi. Amri-maʼrufda Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas islom dini buyurgan ibodatlar, mamlakatimizda ushbu din rivoji, maʼnaviy qadriyatlar yuksalishi yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, yurtimizdagi farovon hayotning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Xalqimiz tinch va osuda yashayotgani uchun behisob shukurlar aytilib, duolar qilindi.
— Yangi Oʻzbekistonimizning moʻmin-musulmonlari mustaqillik sharofati, tinchliksevar, xalqparvar Yurtboshimizning saʼy-harakatlari tufayli diniy bayramlarni koʻtaringki ruhda qarshi olmoqdalar, — deydi mehnat faxriysi Odil Moʻminjonov. — Yoʻllarimizda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, namozxonlarning salomatligini nazorat qilish uchun mahalliy hokimliklar, IIB yoʻl harakati xavfsizligi, sogʻliqni saqlash tizimlari xodimlari va boshqa mutasaddilar beminnat xizmat koʻrsatmoqda. Qurbon hayiti namozini jamoat boʻlib, osoyishtalikda oʻqidik.
Surxondaryo viloyatida Qurbon hayitini xalqimizning koʻp ming yillik milliy anʼana va urf-odatlariga muvofiq bayram ruhida oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrildi. Ulugʻ ayyomni munosib kutib olish, yuqori saviyada oʻtkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik gʻoyalari va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylab, ulugʻlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Shunga koʻra, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjo va qabristonlar, mahalla, koʻcha-kuy va koʻp qavatli uylar atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, moʻmin-musulmonlar Qurbon hayiti namozini osuda ado etishi uchun masjidlar tartibga keltirilib, tevarak-atrof obodonlashtirildi. Aholining yongʻin, yoʻl harakati va boshqa xavfsizligini taʼminlash yuzasidan ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bayram munosabati bilan dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilib, aholiga barcha qulayliklar yaratildi.
Xayr-saxovat ayyomida viloyatning shahar va tumanlarida koʻmakka muhtoj, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, yolgʻiz keksalar, uyda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, bayram sovgʻalari yetkazilmoqda.
Voha boʻylab bayram shodiyonalari davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring