Qudratimiz – ahillik va doʻstlikda

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Nadejda Monichga koʻpchilik tinib-tinchimas ayol, deya taʼrif beradi. Bu bejiz emas. “Svetlitsa polska” Oʻzbekiston polyak milliy madaniy markazining Buxoro viloyati boʻlimi raisi sanalgan yurtdoshimiz milliy hamda umummilliy qadriyatlar bilan bogʻliq har bir marosimni risoladagidek oʻtkazishga bosh-qosh boʻladi. Hatto viloyatning chekka tumanlarida istiqomat qiluvchi polyak qavmi vakillari ahvolidan xabar olishga ham ulguradi.
— Ikkinchi jahon urushi yillarida rus, ukrain, tatar kabi koʻplab millat vakillari qatori polyak keksalari, bolalari ham Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinishgan, — deydi u. — Oʻzbeklar ularning aksariyatini oʻz oilalari bagʻriga olib, mehr-oqibat koʻrsatishgan. Koʻchirib olib kelingan polyak oʻgʻil-qizlari uchun Oʻzbekiston ikkinchi Vatan boʻlib qolgan. Hatto voyaga yetgan qizlarimizning oʻzbek yigitlariga turmushga chiqib, baxtli yashashganidan xabarimiz bor. Yaqinda Peshkuda yashovchi shunday xonadonlardan birida boʻldim. Bu oila farzand-u nevaralarining tinch va ahil yashashayotganidan boshim koʻkka yetdi.
Nadejda opa bilan Buxoro shahridagi “Doʻstlik uyi”da suhbatimiz nihoyasiga yetar-yetmas, davraga Lubat Shtirsenbexer kelib qoʻshildi. Viloyatdagi “Wiedergeburt” nomi bilan faoliyat yurituvchi nemis madaniy markazi rahbari sanalgan bu yurtdoshimiz ham koʻpchilikka tanish.
— Yurtimiz tinch, mamlakatimizda doʻstlik, bagʻrikenglik tamoyillari chuqur ildiz otgan, — deydi u. — Bular barchasining asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mujassam. Unda barcha millat va elatlarning haq-huquqlari kafolatlangan. Biz shu asosda oʻz milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylayapmiz, ularni yoshlarimiz ongiga singdiryapmiz. Markazimizga kelsak, u mehnat faxriylari-yu turli yoshdagi oʻgʻil-qizlarni oʻz atrofiga jamlagan. Turli toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz. Yoshlarga nemis tilini oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. Rasm chizish, Povolyeji nemislari taomlarini tayyorlash, xalq amaliy sanʼati sir-asrorlarini oʻgʻil-qizlar qunt bilan oʻzlashtirishmoqda. Yozgi til oʻrganish maydonchasi, milliy pishiriqlarga oid mahorat saboqlari, havaskorlik teatri jamoasi tayyorlagan sahna asarlari – bularning bari hayotning mazmunli oʻtishiga xizmat qilyapti.
Markazda “Ezgu ish qiling” deb atalgan xayriya aksiyasini oʻtkazish ham anʼanaga aylangan.Unga koʻra, nemis qavmi keksa vakillariga oziq-ovqat mahsulotlari tuhfa qilinadi. Shuningdek, maskan aʼzolari rus, turkman, tojik, koreys milliy madaniy markazlari qatori Mustaqillik hamda Navroʻz bayramlarida faol ishtirok etishmoqda.
— Oʻzbekiston – koʻp millatli, bagʻrikeng mamlakat, — deydi “Wiedergeburt”dagi xor toʻgaragiga rahbarlik qilayotgan Margarita Ten. — Bu yurtda barcha millat va elatlarning oʻz madaniyati, sanʼati, urf-odatlari, anʼanalarini asrab-avaylashlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan. Biz Oʻzbekiston deb atalgan shunday ahil, inoq oilada umrguzaronlik qilayotganimizdan mamnunmiz.
Nazarimizda, bu soʻzlarga ortiqcha izoh berishning hojati yoʻq.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring