Qozon shahrida parlament aʼzolari vatandoshlarimiz bilan uchrashdi

22:36 16 Oktyabr 2025 Siyosat
227 0

Qozon shahrida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Tatariston Respublikasidagi “Oʻzbekistonliklarning milliy-madaniy muxtoriyati” hududiy jamoat tashkilotida vatandoshlarimiz hamda Tatariston Respublikasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Muloqot davomida Tataristonda yashayotgan vatandoshlarimizning ijtimoiy hayoti, taʼlim, madaniyat va oʻzaro hamjihatlik masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumki, 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Volgaboʻyi federal okrugiga xizmat koʻrsatuvchi Qozon shahridagi Bosh konsulxona tashkil etilgan. Volgaboʻyi federal okrugi 14 ta hududni qamrab oladi. Mazkur diplomatik vakolatxona vatandoshlarimiz bilan muntazam muloqot oʻrnatib, ayniqsa talaba-yoshlarga huquqiy masalalarda amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda.

Bugungi kunda Tatariston Respublikasida 15 mingdan ortiq oʻzbekistonliklar istiqomat qiladi. Shuningdek, 2 mingdan ortiq yoshlar mazkur mintaqaning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqda.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi faoliyati vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni targʻib etishga qaratilgan.

Bosh konsulxona oʻzbekistonlik vatandoshlarimiz bilan birgalikda Mustaqillik kuni va qator umumxalq bayramlari muntazam tarzda nishonlab kelmoqda. Bundan tashqari, yosh avlod oʻrtasida ona tiliga hurmatni oshirish maqsadida oʻzbek tili maktabida darslar tashkil etilgan boʻlib, vatandoshlarimizning farzandlari oʻz ona tilini chuqur oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?