Qoʻshtepada ish boshlagan ijtimoiy ustaxonada qisqa davrda 45 nafar xotin-qizlar hunar oʻrganib, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi

13:57 22 Yanvar 2026 Jamiyat
195 0

Qoʻshtepa tumani “Inson” markazida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, oila bekalarini kasb-hunarga oʻrgatish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Yaqinda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida markaz qoshida ijtimoiy ustaxona oʻz faoliyatini boshladi. Bu yerda tumandagi kam taʼminlangan oilalar vakillari uchun toʻquvchilik hunari bepul oʻrgatilmoqda.

—Oʻtgan qisqa davrda 45 nafar xotin-qizlar milliy hunar – toʻquvchilik sir-asrorlarini mukammal oʻrganib, hozirda mustaqil ravishda faoliyat olib borish orqali kichik boʻlsa-da oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi,—deydi markaz psixologi Muharramxon Uzoqova.—Ezgu tashabbus ushbu oilalarni muqim daromad manbai bilan taʼminlashi, jamiyatimizning faol va toʻlaqonli aʼzosiga aylantirishi bilan gʻoyatda ahamiyatlidir.

Eʼtiborlisi, yangi ish boshlagan hunarmandlar qoʻl mehnati asosida tayyorlagan mahsulotlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn tarzda sotishi uchun maxsus platforma tashkil etildi. Oʻz navbatida mazkur platformada doimiy buyurtmalar olish hamda hamkorlik koʻlamini tobora kengaytirib borish imkoniyati mavjud. Bu kuchli raqobat sharoitida biroz tajribasiz boʻlgan yangi tadbirkorlar barqaror daromad olishiga koʻmaklashadi.

Tumanning “Yangi doʻkon” mahallasida istiqomat qiluvchi Rahimaxon Rustamova bolalikdan toʻquvchilikka qiziqardi. Ijtimoiy ustaxona ochilgani haqida eshitib, mashgʻulotlarda muntazam qatnashdi va qisqa vaqt ichida ushbu hunarni toʻliq oʻrganib oldi. Hozirda u oddiy rangli iplardan foydalangan holda 50 turdan ziyod tabiiy mahsulotlar tayyorlamoqda. Tayyor mahsulotlarini onlayn savdo platformasi orqali Fargʻona viloyatining istalgan shahar va tumanidagi xaridorlarga yetkazib berishida hech qanday muammo yoʻq.

Markaz psixologining qayd etishicha, momolardan meros toʻqish hunari shunchaki daromad manbaigina emas. Bu jarayon asab tizimini tinchlantiradi, turli stress va ruhiy zoʻriqishlarni yengishga yordam beradi. Demak, opa-singillarimizning ham ruhiy, ham ijtimoiy barqarorligini taʼminlashda bunday saʼy-harakatlar katta samara beradi.

Aytish joiz, markaz masʼullari yaqin istiqbolda ijtimoiy ustaxona faoliyatini yanada kengaytirish hamda bugungi davr talabi asosida qoʻshimcha hunarlar oʻrgatishni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilishgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?