Qoraqalpogʻiston Respublikasi: nurli istiqbolga yuz tutgan zamin

12:08 03 Aprel 2025 Jamiyat
130 0

Xalqimizda “Yaxshi gapning qanoti bor”, deyishadi. 28-mart kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Orol madaniyat sammitini yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaror bir yozuvchi sifatida yuragimni toʻlqinlantirib yubordi. Birgina mening emas, balki barcha qoraqalpogʻistonliklarning qalbiga quvonch baxsh etdi bu xushxabar.

Xoʻsh, nega? Boisi mazkur qaror ogʻir ekologik ahvolga tushib qolgan Orolboʻyi mintaqasiga yordam berish bugun nafaqat mamlakat miqyosidagi, balki butun dunyo eʼtiboridagi muhim masalaga aylanganiga yaqqol isbotdir.

Qarorga koʻra, ushbu nufuzli anjuman Orolboʻyi mintaqasida qulay tabiiy muhit yaratish, hududning noyob madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash hamda keng ommalashtirish, ushbu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va muloqotni yanada kengaytirish maqsadida 2025-yildan boshlab har oʻn sakkiz oyda — bahor yoki kuz fasllarida oʻtkazib boriladi.

Birinchi Orol madaniyat sammiti Samarqand iqlim forumi bilan uygʻun holda shu yil 4 — 6-aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida yuqori saviyada tashkil etiladi.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston tomonidan Orol madaniyat sammiti loyihasini amalga oshirish tashabbusi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2023-yil 22 — 24-mart kunlari Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan suv resurslariga bagʻishlangan konferensiyasida ilgari surilgan edi. Ushbu yirik tashabbusning tez fursatda hayotga koʻchgani kishini quvontiradi.

Bu kabi loyihalar bir vaqtlar muammolar girdobiga choʻkib ketgan Orolboʻyi hududida bugun yangi nurafshon tonglar otayotganining yana bir ifodasidir.

Shu haqda gap ketar ekan, oʻtgan asrda sobiq ittifoq hukumati tomonidan qishloq xoʻjaligi boʻyicha oxirini oʻylamay olib borilgan notoʻgʻri siyosat oqibatida hududda keskin vaziyat vujudga kelgani yodga tushadi. Bu yerdagi ekologik inqiroz tufayli aholining tirikchiligi oʻtmay qolgandi, turli kasalliklar, bolalar, xotin-qizlar oʻlimi koʻpaygandi.

Orolboʻyidagi murakkab holatni chuqur bilgan va xalq dardini yurakdan his qilgan Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshlagani hali-hamon esimda. Bu tashrifni xalqimiz yuksak baholagan va nihoyat, mintaqada ogʻir shart-sharoitlar yaxshi tomonga oʻzgarishidan umidvor boʻlgan edi.

Shukrki, yorugʻ umidlar hayotda oʻz ifodasini topdi. Oʻsha tashrifdan keyinoq barcha mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar jalb qilingan holda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, ularga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, onalik va bolalikni himoyalash, oila va mahalla institutlariga eʼtibor qaratish, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeini oshirish kabi qator oʻta muhim masalalar zudlik bilan hal etishga kirishildi.

Natijada keyingi 8-yil mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalari jadal rivojlanish pallasiga kirdi.

Hayot toʻxtab qolmadi

Sayyoramizdagi eng katta koʻllarning toʻrtinchisi boʻlgan Orol dengizining qurishi dunyodagi yirik ekologik fojia ekani bor gap. Bir paytlar mavjlanib, ufqlarga tutashib ketgan Orol dengizi bir insonning oʻrtacha umri davomida qurib-qaqshadi. Uning bagʻrida yayrab yurgan behisob jonivorlar, oʻsimliklar, sohillarida suv qushlari-yu yovvoyi hayvonlar birin-ketin yoʻqolib bordi.

Kemasozlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi rivojlangan mintaqa iqtisodiyoti, baliqchilik, chorvachilik va moʻynachilik bilan kun koʻrgan aholi turmushi inqirozga yuz tutdi. Bir paytlar yiliga 40 ming tonna baliq ovlangan Orol dengizida qirqqa yaqin turdagi baliqlar boʻlgan ekan. Ikkinchi jahon urushi paytlarida Moʻynoq konserva kombinatida 5 ming nafargacha ishchi ishlagan. Dengizning qurishi oqibatida mintaqada 70 foiz ekin maydonlarining meliorativ holati pasaydi.

Hayot toʻxtab qolgandek edi goʻyo. Orol dengizining shoʻrlanganlik darajasi deyarli 25 marotaba ortib, dunyo okeanlari minerallashuvi koʻrsatkichiga nisbatan 11 barobar koʻpaydi.

Dengiz oʻrnida yastangan sahrodan koʻtarilayotgan tuz va qum yiliga yuz million tonnadan ziyodligini olimlarimiz hisoblab chiqishgan. Tuzli chang zarralari hatto Antarktida sohillari, Grenlandiya muzliklari, Norvegiya oʻrmonlari, Yaponiya bogʻlarida, boringki, Yer sayyorasining hamma hududida topilmoqda.

Orolboʻyi hududidagi toʻqayzorlar maydoni deyarli 90 foizga qisqardi. Dengizning qurishi oqibatida transport, baliqchilik, chorvachilik, moʻynachilik va boshqa anʼanaviy faoliyat turlari tanazzulga uchradi, ishsizlik avjiga chiqdi. Aholi oʻrtasida kamqonlik, onkologik kasalliklar koʻpaydi.

Orol hududida ochilgan, “Kemalar qabristoni” nomi bilan mashhur boʻlgan qumga botgan kemalar muzeyi oʻtgan farogʻatli yillardan xotira boʻlib qoldi...

Qoraqalpogʻistonlik sohir ovoz sohibasi Azada Qarlibayeva hamda sozanda Gumisay Berdixanova joʻrligidagi oʻlanlarni tinglaganmisiz? Ular “Orol dengizi shamollari” loyihasi boʻyicha Yevropa davlatlarida ijodiy safarda boʻlganida muxlislar baxshi qizning mungli ovozidan, garchi qoraqalpoq tiliga tushunishmasa-da, yuraklarga yetib borgan ohangdan mutaassir boʻlishdi, mijjalarda yosh halqalandi...

Azadaning gʻamgin xonishlarida Orol dengizi fojiasi namoyon edi. U insoniyatning atrof-muhitga eʼtiborsizligi oqibatlari haqida kuyladi. Dengizning oʻlik qirgʻoqlari kemalar qabristoniga aylanganidan dardini toʻkib soldi. Bugun qoraqalpoq elida olib borilayotgan islohotlar xalqning koʻngliga chiroq yoqqani, ularda ertangi kunga ishonch uygʻotgani haqida oʻlanlar aytdi...

Bu — bor gap. Oʻtgan yillar mobaynida Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida qilinayotgan saʼy-harakatlar, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi doirasida Nukus shahri, uning atrofidagi tumanlar hamda ovullarda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami yil sayin kengayib boryapti.

Bu borada 2018-yilda Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondiga asos solindi. 2021-yilda “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi BMT rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mintaqani moliyalashtirish, uning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi salomatligini tiklash, hududda yashil maskanlar yaratish maqsadida 14 million dollardan ortiq mablagʻ ajratildi.

Hamjihatlikda hikmat koʻp

Statistika nima deydi? Hisob-kitoblarga qaraganda, bugungi kunga kelib suvning hajmi 14 barobar kamaydi hamda dengiz oʻz sohilidan bir necha yuz kilometrga chekindi. Suvsiz qolgan maydonda 6,2 million gektardan ortiq qumli va tuzli choʻl paydo boʻldi. Shuning 3,2 million gektar joyi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keladi. Qolgan qismi Qozogʻiston hududida joylashgan.

Nima qilish kerak? Fojianing oqibatini kutib, qoʻl qovushtirib oʻtirish qanchalik toʻgʻri?

Ahvol juda ogʻir edi. Prezidentimiz 2016-yilda Shumanay tumanida saylovchilar bilan boʻlgan uchrashuvda cheksiz fojialar girdobida qolgan xalqqa dalda berar ekan, shunday degan edi: “Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak boʻlsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qatʼiy nazoratga olamiz...

Shunday boʻldi ham. Prezident oʻtgan yillar mobaynida ushbu mintaqada amalga oshirilayotgan yangilanish va bunyodkorlik ishlarini oʻzi nazorat qildi, har gal Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurganida, oqsoqollar bilan maslahatlashib, ularning duosini oldi, yangi-yangi korxonalar bunyod etish maqsadida kiritilayotgan investitsiyalar hajmini oshirib bordi.

Balki bu yangilanishlarni oʻz koʻzi bilan koʻrmagan odam uchun bir hikoya, ertaknamo gapga oʻxshab tuyular. Lekin qurigan Orol dengizi boʻyida bajarilayotgan ishlar koʻlamini tasavvur qilish uchun odam u yerga hech boʻlmasa, bir marotaba borib oʻz koʻzi bilan koʻrishi kerak.

“Koʻpdan qush ham qutulmas”, deydilar. Oʻtgan 40-yil davomida Orolqumga 400 ming gektar saksovul ekilgan boʻlsa, umummilliy hashar boshlangach, uning 2 million gektardan ortiq qismiga saksovul, qoraburoq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklari urugʻi ekildi, yashil qoplamalar barpo etildi.

Orol boʻylarida bugun yana hayot jonlandi. Bu orada hududdagi oʻsimlik va hayvonot dunyosini yaxshilash boʻyicha milliy dastur ishlab chiqildi. Bugun ulkan miqyosdagi yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlari natijasida Orolqum sahrosi yashillikka burkanmoqda, flora va fauna olami yana boʻy koʻrsatmoqda.

“Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi”

Prezidentimiz 2018-yil Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan navbatdagi tashrifida aholining turmush tarzi bilan tanishishni Moʻynoq tumanidan boshladi. Koʻchalar oʻydim-chuqur, faoliyati toʻxtagan, mungʻaygan korxonalar, binolar fayzsiz. Bir paytlar gurullab turgan Moʻynoq aeroporti xarobaga aylangan. Xonadonlar nochor ahvolga kelib qolgan, qashshoqlik, ishsizlik avj olgan. Ahvolni zudlik bilan oʻnglash, xalqning koʻnglini koʻtarish kerak edi.

Davlatimiz rahbari bunday ogʻir ahvolni oʻnglash uchun “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi” degan shiorni oʻrtaga tashladi, oʻzi birinchilardan boʻlib, yeng shimarib ishga kirishdi. Buni koʻrgan yoshlar, oqsoqollarning koʻzlarida umid uchqunlari porladi, ular ham Qayrat kamarini belga bogʻlashdi. Hududga katta mablagʻlar, investitsiyalar jalb etildi, koʻchalarga qaytadan asfalt yotqizildi, uning chetlariga dov-daraxtlar, gullar ekilib, yashil xiyobonlar barpo qilindi. Uylar qayta taʼmirlandi, korxonalar qayta ishga tushirildi. Yangi zamonaviy turarjoylar qurilib, aholiga berildi.

Prezidentimiz bu orada yana bir marta Moʻynoqqa tashrif buyurib, obodonchilik va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, moʻynoqlik yoshullilar, mahalla raislari, yoshlar bilan uchrashdi. Hududda roʻy berayotgan yangilanishlar Moʻynoq elida umid, kelajakka ishonch uygʻotganiga guvoh boʻldi.

Tuman istiqboliga oid rejalarni amalga oshirishga kirishildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish yoʻnalishida koʻplab loyihalar hayotga tatbiq qilindi. Ijtimoiy soha obyektlari qurildi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qaytadan tiklandi. 10 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi, “Yangi Moʻynoq” shaharchasida dasturlashni chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan innovatsion maktab, bolalar musiqa va sanʼat maktabi, yopiq suzish havzasi barpo etildi. Stadion hamda bolalar va oʻsmirlar sport maktabi binosi rekonstruksiya qilindi. Tuman markazidan ajratilgan 10 gektar maydon oʻrnida madaniy dam olish maskani, 2 ming tomoshabinga moʻljallangan amfiteatr, Yoshlar markazi binolari qad rostladi.

Turizmga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tuman markazida “Hunarmandlar alleyasi” hamda “Baliqchilar qishlogʻi” tashkil etildi. Nukus — Moʻynoq — Orol dengizi yoʻnalishi boʻyicha samolyot va vertolyotlar qatnovini yoʻlga qoʻyish maqsad qilindi.

2022-yil 23-fevralda esa qaytadan taʼmirlanib ishga tushirilgan Moʻynoq aeroportiga Toshkentdan koʻtarilgan birinchi raqamli bort, yaʼni Prezident oʻtirgan samolyot qoʻndi...

“Moʻynoqda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, koʻzlaringizdagi hayotdan mamnunlik kishini quvontiradi. Bu uzoq-uzoq hududlarga borib qilayotgan ishlarimiz natijasidir. Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan boʻlsa, Moʻynoqqa kelib koʻrsin, madaniyat — Moʻynoqdan boshlanadi”, dedi Prezidentimiz.

“Bu dunyoning koʻrki — odam bolasi”

Qoraqalpoq xalqining mumtoz shoiri, adabiyotimizda oʻchmas iz qoldirgan buyuk mutafakkir Ajiniyoz bobomiz: “Bu dunyoning koʻrki — odam bolasi”, deya taʼkidlagan edi. Bu “Dunyoni obod qilish odam bolasining qoʻlida”, degan maʼnoni anglatsa, ne ajab!

Islohotlar, yangilanishlarning tayanch nuqtasi boʻlgan Qoraqalpogʻistonda yashayotgan, koʻnglida ezgu maqsad boʻlgan har bir inson bugun Vatan obodligi uchun fidoyilik bilan mehnat qilmoqda, yurt ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Oʻtgan davrda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, qoʻshma loyihalar ishlab chiqish, kontraktatsiya sohalariga mutlaq yangicha yondashish, hamkorlik doiralarini kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalaridan samarali foydalanish orqali rivojlanishning yangi pogʻonalarini egallashga erishildi.

Bu haqda shunchaki gapirmasdan, oʻjar raqamlarga murojaat qilamiz.

Oʻtgan 2024-yilda investitsiya, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash va boshqa davlat dasturlari doirasida 8 trln. 553,2 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari bajarilib, oldingi yilning shu davridagiga nisbatan 107,4 foiz oʻsishga erishildi.

Investitsiya dasturi doirasida 152 ta obyektda 886 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari tugatildi va 118 ta obyekt foydalanishga topshirildi.

Avtomobil yoʻllari holatini yaxshilash maqsadida dasturlar doirasida 1026 km. ichki yoʻllar taʼmirlanishiga erishildi. Shundan 104,7 km. qismi asfaltlandi va 921,3 km. tuproq yoʻllar qum-shagʻal aralashmali yoʻllarga aylantirildi. Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A — 380” Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu avtomobil yoʻlining bir qismini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 232 km. sement-beton qoplamali yoʻl yotqizish ishlari bajarilib, foydalanishga topshirildi.

Soʻnggi ikki yilda Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonda barcha sohani rivojlantirish va aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 14 ta Farmon va qarori, hukumatning 25 ta qaror hamda farmoyishi qabul qilindi. Qoraqalpogʻiston hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar AQSH, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Portugaliya, Bolgariya, Kanada, Avstraliya, Misr, Isroil, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni mintaqada 196 tani tashkil etib, 2016-yildagiga nisbatan 3 barobar oshdi. Bugungi kunda “Uz-Kor Gas Chemical” qoʻshma korxonasi, Qoʻngʻirot soda zavodi kabi yirik eksportchilar qatorida “Nukus Med Tex”, “Oriyent Teknolodji”, “Sebu Artemiya”, “Amudaryoteks”, “Kanteks Invest”, “Korporatsiya Aral San Bao”, “Biogumus”, “Lanekstrakt” va boshqa eksportyor korxonalar tashqi bozordan oʻz xaridorlarini topib, Qoraqalpogʻiston hududidan “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida kalava ip, charm, tibbiy anjomlar, artemiya sistasi, qizilmiya ildizi ekstrakti, toʻqimachilik va meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib bermoqda.

Qoraqalpogʻiston uchun qoʻllanilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, xorijiy hamkorlarning koʻpayishiga, shuningdek, yangi eksportbop mahsulotlar yaratilishiga zamin boʻldi. Sanoat korxonalari tomonidan 150 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Orolqum oʻrnida yashil voha

Yurtimiz boʻylab kuzatilayotgan suv tanqisligi Amudaryoning eng quyi qismida joylashgan Orolboʻyi mintaqasiga yanada keskin taʼsir koʻrsatishi tabiiy, albatta. Lekin ushbu mintaqada suv taʼminotini yaxshilash masalasi hamisha Prezidentimizning diqqat eʼtiborida.

Tarixdan maʼlumki, hali sivilizatsiya paydo boʻlmasdan oldin ham odamlar daryo boʻylarini makon tutgan. Chunki suv — hayot manbai, tiriklik va moʻl hosil garovi hisoblanadi. Qoraqalpogʻistonda keyingi yillarda tegishli qaror va dasturlar asosida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, paxta maydonlarida tomchilatib, gʻalla maydonlarida yomgʻirlatib sugʻorish hamda boshqa tejamkor usullardan keng foydalanilmoqda. Shuningdek, hududda eng samarali suv tejovchi usul sanalgan lazer uskunasi yordamida yer maydonlarini tekislash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

“Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qoraqalpogʻistonning 10 ta hududida aerobiologik monitoring tizimi yoʻlga qoʻyildi. Dengizning qurigan tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydon barpo etish boʻyicha ish olib borilmoqda. 2026-yil yakuniga qadar ularning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yetkazish belgilangan. Bu — umumiy hududning 78 foizi, demakdir. Orolboʻyida xalqaro “Yashil iqlim oʻzgarishi va tuproq yemirilishining oldini olish”ga qaratilgan dasturlar asosida 300 million AQSH dollari qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Shahar va tuman markazlarida har 50 — 100 ming aholi uchun jamoat parklarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda shahar va tuman markazlarida 64 gektar maydonda bogʻlar yaratish, tez oʻsuvchi va boshqa daraxtlar plantatsiyalarini 100 gektarga yetkazish boʻyicha ish olib borilmoqda. Hozirgi kungacha tashkil etilgan bogʻlar maydoni 61 gektar, tez oʻsuvchi daraxtlar plantatsiyalari hududi esa 62 gektarga yetdi.

Taʼlim birinchi oʻrinda

Har qanday davrda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi asosiy oʻrinda boʻlib kelgan. Ayniqsa, bugungidek hayotimizga axborot texnologiyalari tobora kirib kelayotgan globallashuv jarayoni bolalar taʼlim-tarbiyasiga yanada eʼtiborliroq boʻlishni taqozo qiladi. Binobarin, tarbiyada tanaffus boʻlmaydi. Bu borada ketma-ketlikdagi oila, maktabgacha, maktab, oʻrta maxsus hamda oliy taʼlim muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz tomonidan mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yurtimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, sohada davlat-xususiy sheriklikni ragʻbatlantirish borasida qator qarorlar qabul qilindi.

Nukus shahrida Prezident maktabi, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi, Opera va baxshichilik maktabi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Temurbeklar maktabi” qad rostladi. Bugungi kunda umumtaʼlim maktablari bilan birga ushbu maxsus maktablar oʻquvchilari nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyo miqyosida yuqori natijalarga erishayotir. Ixtisoslashtirilgan maktablar Nukus shahri va tumanlarda tashkil etilmoqda. Ularda tahsil olayotgan oʻquvchilar IELTS sertifikatiga ega boʻlyapti. Umumtaʼlim maktablarida boshlangʻich sinf oʻquvchilarining bepul ovqat bilan taʼminlanishi Orolboʻyi aholisi farzandlariga qilinayotgan gʻamxoʻrlikning yorqin misolidir.

2016-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida 6 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritardi. Sohada olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida bugungi kunda ular soni 10 tadan oshdi.

2023-yilda Prezidentimiz Farmoni bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida doimiy istiqomat qiladigan va umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini tugatgan yoshlar uchun davlat granti asosida qoʻshimcha 3 mingta kvota ajratildi.

Kam taʼminlangan oilalarda voyaga yetayotgan qizlarni hamda madaniyat, sport sohalarida respublika va dunyo miqyosida muvaffaqiyatlarga erishgan iqtidorli yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish maqsadida maxsus imtiyozlar berildi. Har yili 6,5 ming nafar yigit-qizning viloyatlardagi davlat oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha qabul parametrlari asosida oʻqishga qabul qilinishi yoʻlga qoʻyildi.

Sanʼat xalqning jon-u dili

Shoir Ibroyim Yusupovning “Дем бермеске деми жеткен қарындас”, degan sheʼrini Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Tamara Doshumova qoʻshiq qilib, maromiga yetkazib ijro etgan. Koʻplab insonlar har safar Qoraqalpogʻistonga kelsa, “Дем бермес”ning balandlab ketgan avjini eshitgisi keladi. Yana bir oʻziga xos ovoz sohibi — xalqaro mukofotlar sovrindori Jenisbek Piyazovdir. Uning bobosi, Qoraqalpogʻiston xalq artisti Ziynel Piyazov, otasi, onasi, ukalari — barchasi sanʼat sohasida tanilgan, koʻzga tushgan insonlar. Bugungi kunda ushbu sanʼatkorning shogirdlari ham koʻpaymoqda.

Sanʼat shaydolari “Qoraqalpogʻistonliklarga ovozni xudo bergan”, deya bejiz aytmaydi. Bu makonning keng dalalari, oʻrkach-oʻrkach qumlari, obod ovullari iqtidorli farzandlari koʻngliga ilhom bagʻishlasa, ajab emas. Oʻzbekistonga tanilgan Tamaraxonimning zamondoshi, “Sahro bulbuli” degan nom olgan Oʻzbekiston xalq artisti Oyimxon Shamuratova, taniqli qoʻshiqchilar Arzigul Atamuratova, Gulxan Shiraziyeva, Daoʻitbay Qayipov, Eshon baxshi, Amet baxshi va boshqalar qoraqalpoq ahlining faxr-iftixori sanaladi.

Teatrlar yosh avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda salkam yuz yillik tarixga ega boʻlgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatri “akademik teatr” degan yuksak maqomga ega boʻldi.

Milliy madaniyat, sanʼat, adabiyot har doim tarixiy voqealarni, orzu-armonlarni oʻzida ifoda qilgan. Hali ishga tushganiga koʻp vaqt boʻlmagan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi, opera va xalq milliy cholgʻulari maktablari, har bir tumanda, ovullarda ochilgan sanʼat, musiqa maktablari iqtidorlarni izlab topib, qoʻshiqchilik sanʼatini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Bu sanʼat yoʻnalishidagi oʻquv muassasalarida xalqimizning minglab iqtidorli yoshlari tahsil olmoqda. Shunday imkoniyatlar yaratilganidan shodlangan yoshlarning oʻz kasbini egallashga boʻlgan intilishini ularning yonib turgan koʻzlaridan anglash qiyin emas.

“Qoraqalpogʻiston boʻylab sayohat qil!”

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston dunyoning eng noyob 16 ta turistik maskanidan biriga aylandi. Buyuk Britaniyaning turizmga ixtisoslashtirilgan “Bradt Guides” nashriyotining 2023-yilda sayohat qilish uchun tavsiya etgan dunyoning eng noyob turistik hududlari roʻyxatidan Chili, Kosta-Rika, Isroil, Estoniya va boshqa sayyohlarni jalb qiluvchi noyob maskanlar qatorida Qoraqalpogʻiston Respublikasi ham oʻrin oldi. “Bradt Guides” ekspertlari Moʻynoq tumanida yangi aeroportning ishga tushishi va kelgusida tezyurar poyezdlarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida Qoraqalpogʻistonga borish yanada qulay boʻlishini alohida qayd etgan.

Qoraqalpogʻistonda madaniy-tarixiy, ziyorat, arxeologik, gastronomik va boshqa turizm yoʻnalishlarida koʻplab dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda Butunjahon moddiy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan qadimiy qalʼalar, 288 ta madaniy meros obyekti bor. Ulardan Tuproqqalʼa, Ayoz qalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Katta Guldursun qalʼasi, Pir qalʼa, Anqa qalʼa, Qoʻrgʻoshin qalʼa va Jonbos qalʼa eng mashhurlari boʻlib, bu obidalarga kelayotgan sayyohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda.

Qoraqalpogʻiston hududida mehmonxonalar tizimini diversifikatsiya qilish, yaʼni hududda 4 va 5 yulduzli mehmonxona tashkil etish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun transport-logistika tizimini yaxshilash, xususan, mahalliy hamda xorijiy avia va temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyish, turizm sohasida kasb-hunar va oliy taʼlim sifatini oshirish kabi qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Qoraqalpoq davlat universitetida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Turizm laboratoriyasi” ochildi.

Ziyorat turizmiga ham alohida eʼtibor qaratilib, Beruniy tumanida joylashgan “Sulton Uvays bobo”, Moʻynoq tumanidagi Hakim ota — Sulaymon Bogʻirgʻoniy ziyoratgohlari mahalliy va xorijiy sayyohlarning eʼtiborini tortmoqda. Shuningdek, Orol dengizi, Sudoche koʻli va Ustyurt platosi imkoniyatlaridan samarali foydalanib, Orol dengizining suvi saqlanib qolgan hudud — “Aq tumsiq” atrofida turistik majmua tashkil qilindi. Hozirgi kunda 20 ta tiklangan oʻtov va xorijiy hamda mahalliy sayyohlarning ovqatlanishi, dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

2026-yilgacha Qoraqalpogʻistonga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar sonini 180 ming va mahalliy turistlar sonini 1 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 13,5 dan 60 million dollarga, joylashtirish vositalarida xonalar sonini mingtadan ikki mingtaga yetkazish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Koʻngil koʻngildan suv ichar

Mintaqaning oqkoʻngil, mehnatkash, doʻstga mehribon, jasur, ogʻizbirli xalqi Orol fojiasiga matonat bilan bardosh berdi, barcha qiyinchilikni sabr-toqat, metin iroda bilan yengib oʻtdi. Qoraqalpogʻistondagi islohotlar boshida turgan, yangilanishlar tashabbuskori boʻlgan Prezidentimiz ularning orzu-umidlariga qanot berdi, qoʻllab-quvvatladi.

Orol madaniyat sammiti doirasida ushbu mintaqaning tuproq va iqlim sharoitiga mos boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻrganishga ixtisoslashtirilgan laboratoriya platformasini yaratish hamda uni mazkur yoʻnalishda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarning oʻquv-amaliyot maydoniga aylantirish koʻzda tutilgan. Orolboʻyi mintaqasida asrlar davomida shakllangan noyob madaniyat va anʼanalarni asrab qolish, keng ommalashtirish, ushbu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilinishi oʻz ijobiy natijalarini berishiga ishonamiz. Ana shu qarorning har bir bandi ijrosini taʼminlashda faqat tegishli idoralar rahbarlari emas, barchamiz masʼullikni his eta olishimiz lozim.

“Harakat boʻlgan joyda barakot boʻladi”, deyishadi. Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozni yumshatish, ahvolni oʻnglash uchun har birimiz gʻaflat uyqusidan uygʻonishimiz, hushyor tortishimiz, harakatda boʻlishimiz kerak. Oʻylaymanki, ana shunda biz kutgan va umidimizni uzmay kelayotgan Orol dengizi boʻyida yangi hayot qaynaydi, qabul qilinayotgan qarorlar esa ularga zamin yaratib, ulkan amaliy ishlarga yoʻl ochadi.

Albatta, mintaqada aholi turmush tarzini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni yuksaltirish yoʻlida bajariladigan ishlar hali koʻp. Eng muhimi, buning uchun hududning barqaror rivojlanishiga mustahkam poydevor yaratilgan. Bu borada xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni iqtisodiy oʻsishning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qoʻllab-quvvatlash, sohalarni modernizatsiyalash, qulay investitsiyaviy muhit yaratish Orolboʻyi xalqlarining ogʻirini yengillashtirib boraveradi.

Zero, Qoraqalpogʻistonliklar mehrdan kuch oladi. Chunki bu yerda insonlar suv tanqisligi sharoitida ham, Ibroyim Yusupov yozganidek, biri-birining koʻnglidan suv ichib yashayvergan. Bugun Orolboʻyida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar koʻngillarga buloq suvlaridek toza va shaffof obihayot ulashmoqda. Odamlarning umr mazmuni, orzu-umidlari roʻyobi — Orol dengizi goʻyo qalblarda qayta uygʻonmoqda.

Oʻrozboy ABDURAHMONOV,

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?