Qoʻqonning Oʻrda maydonida polvonlar bellashmoqda

19:49 26 May 2022 Jamiyat
997 0

Foto: Халқ сўзи

Shu kunlarda Qoʻqon shahrida belbogʻli kurash boʻyicha Prezident sovrini uchun xalqaro turnir boʻlib oʻtmoqda.

Tarixiy Oʻrda majmuasida 28-mayga qadar davom etadigan, mukofot jamgʻarmasi 216 million soʻm boʻlgan musobaqada Turkiya, Polsha, Hindiston, Gruziya, Isroil, Latviya, Ozarbayjon, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi 17 davlatdan 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etayotir.

Bahslarda 2005-2006-yillarda tugʻilgan yigitlar 11 ta vazn toifasida bellashsa, qizlar 7 ta vaznda gʻoliblik uchun bahs olib boradilar.

Taʼkidlash joizki, belbogʻli kurash boʻyicha Fargʻona viloyatida oʻziga xos mahorat maktabi shakllangan. Bugun viloyatda toʻrt karra jahon chempioni Obidali Mavlonov, ikki karra jahon chempionlari Kamoliddin Mahkamov, Manzuraoy Moʻydinova, jahon va Osiyo chempioni Muxlisaxon Sotvoldiyevaning munosib izdoshlari tarbiyalanmoqda.

Darvoqe, “Qoʻqon” muzey-qoʻriqxonasi ilmiy xodimi Yahyoxon Dadaboyevning aytishicha, Oʻrda maydonida olamshumul ahamiyatga ega bunday musobaqa bundan 150-yil avval – Qoʻqon xoni Xudoyorxon oʻgʻil farzand koʻrishi sharafiga tashkil etilgan ekan.

Ayni paytda latif shaharda xalqaro turnir gʻolibligi uchun kurash tobora qizgʻin pallaga kirmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер