Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi
Oʻzbekiston teatr va kino sanʼati ogʻir yoʻqotishga uchradi. Oʻzbekiston xalq artisti, mashhur sahna va kino ustasi Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi.
Yoqub Ahmedov 1938-yil 3-yanvarda Namangan shahrida tugʻilgan. 1959-yilda Toshkent sanʼat institutini tamomlab, 1958-yildan boshlab Hamza nomidagi (hozirgi Oʻzbekiston Milliy drama teatri) teatrda ijodiy faoliyat boshlagan.
U oʻzining betakror aktyorlik mahorati, chuqur psixologik talqini va sahna madaniyati bilan oʻzbek teatr sanʼati tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Ahmedov yaratgan obrazlar — Ali Qushchi, Murod, Leyster, Hakimboyvachcha, Sakson Nurtoyevich, Toʻlagan, Kayhisrav, Ikromjon va, albatta, Alisher Navoiy timsollari orqali tomoshabin qalbida chuqur iz qoldirgan.
Kino sanʼatida ham u koʻplab unutilmas rollarni yaratgan. “Furqat”, “Qora konsulning halokati”, “Olovli yoʻllar”, “Ketma”, “Oʻtgan kunlar” kabi filmlarda ijro etgan rollari milliy kino tarixida yorqin sahifalardan biri boʻlib qoldi.
Ustoz aktyor oʻz ijodi davomida inson ruhiyati, tafakkur va his-tuygʻularining nozik qatlamlarini mahorat bilan ochib berishi, har bir obrazni hayotiy va taʼsirchan talqin etishi bilan ajralib turgan.
Yoqub Ahmedov 1974-yilda Oʻzbekiston SSR xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan. 1997-yilda esa mamlakat madaniyatini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Sanʼatkorning yorqin xotirasi, ijodiy merosi, oʻzbek teatr va kino tarixidagi oʻrni xalq qalbida abadiy saqlanadi.
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring