Qoʻqonda IT-Park filiali ochildi

11:45 26 Noyabr 2025 Jamiyat
241 0

Qoʻqon shahri azaldan ilm-maʼrifat maskani sifatida tanilgan. Bugungi kunda ham shahardagi ikki oliy taʼlim muassasasi, texnikumlar, kasb-hunar maktablari, umumtaʼlim muassasalari va xususiy taʼlim markazlarida yosh avlodga zamonaviy standartlar asosida taʼlim-tarbiya berib kelinmoqda.

Ushbu jarayonlarni zamonaviy mezonlar asosida yanada kengaytirish maqsadida yaqinda IT-Parkʼning Qoʻqon filiali tashkil etildi. Bu yerda xalqaro mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan oʻquv dasturlari joriy etildi.

Shu tariqa koʻhna Qoʻqonda axborot texnologiyalari sohasini jahon andozalari darajasiga olib chiqish rejalashtirilmoqda. Qoʻqon shahar hokimligida AQSH va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan yuzma-yuz muloqotda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida mehmonlar Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov hamrohligida taʼlim muassasalarida axborot texnologiyalariga oʻqitish jarayonlari bilan tanishdilar, oʻquv kurslarining sifat va samaradorligi oʻrganildi.

— Muloqot davomida IT yoʻnalishida taʼlim berish va malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oʻzaro fikr almashdik, — deydi axborot texnologiyalari sohasida xalqaro ekspert Jeyms Venger. — Asosiy maqsad — yangi avlodning IT sohasidagi akademik bilim va amaliy koʻnikmalarini kengaytirishdir. Shuningdek, raqamli mahsulotlarni yaratish boʻyicha xalqaro bozor talablariga mos oʻquv dasturlarini joriy etish, dasturchilar va dasturlashni oʻrganayotgan yoshlarning ingliz tilini mukammal darajada oʻzlashtirishini taʼminlash hamda samarali pedagogik uslublarni tatbiq etish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Qoʻqon shahar hokimligida taʼlim muassasalari masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda mazkur yoʻnalishda tizimli hamkorlikni jadal rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqish vazifasi belgilab olindi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?