Qonun loyihasida qanday normalar nazarda tutilmoqda?
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sugʻurta sohasida tub burilish boʻlayotganiga hammamiz guvoh boʻlib turibmiz. Ammo sohada hamon yechimini kutayotgan masalalar ham borki, bundan aslo koʻz yumib boʻlmaydi.
Masalan, qonun darajasida toʻgʻridan-toʻgʻri harakat qoidalarini belgilash va sugʻurta faoliyati sohasidagi munosabatlarni boshqarishning yagona mexanizmini yaratish, sugʻurta sohalari, sinflari va turlarini aniqlash, shuningdek, sugʻurta bozorini davlat tomonidan tartibga solishda ayrim noaniqliklar mavjud edi. Shu boisdan yangi tahrirdagi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish taqozo etilayotir.
Mazkur hujjat sugʻurta sohasidagi isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boʻlib, uning asosiy gʻoyasi bevosita huquqiy normativ bazalarni takomillashtirishda sugʻurta faoliyatini tartibga solishni yaxshilash hamda bu sohada xalqaro standartlarni izchil amalga oshirish orqali huquqiy asosni takomillashtirishdir.
Avvalo, har bir qonuniy asosni yaratishda xalqaro tajribalarni sinchiklab qarab chiqish foydadan holi emas. Bu borada ham xorijiy amaliyotlarga nazar tashlaymiz. MDH mamlakatlari va XXRda sugʻurta qonunlari sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari oʻrtasidagi maʼmuriy munosabatlarning barcha jihatlarini qamrab oladi, bevosita taʼsir koʻrsatadi va shunga mos ravishda koʻplab moddalardan iborat.
Biroq Oʻzbekiston Respublikasining 29 ta moddadan tashkil topgan “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 18 yil oldin qabul qilingan boʻlsa-da, koʻproq tavsiflovchi xarakterga ega boʻlib qolgan. Qolaversa, zamon talablari va voqeliklariga toʻliq javob bermaydi, boshqa barcha zaruriy munosabatlar qonunosti nizomlari bilan tartibga solingan.
Ushbu qonunning yangi tahriri esa mavjud kamchiliklardan holi, 10 ta bob, 98 moddadan tashkil topgan. Masalan, yangi tahrirdagi loyihada avvalgi hujjatda koʻrsatilmagan sugʻurta tashkilotlari faqatgina aksiyadorlik jamiyatlari shaklida tashkil etilishi belgilangan. Sugʻurta tashkilotlari va sugʻurta brokerlarining sugʻurta faoliyatini litsenziyalash nazarda tutilib, sugʻurta tashkilotlarining litsenziyalari tugatishda vakolatli davlat organi tomonidan muvaqqat maʼmuriyatini tayinlash yuzasidan normalar kiritilgan.
Xulosa oʻrnida muhim bir jihatni qayd etish kerak. Ushbu qonun loyihasi qabul qilinsa, bir qator normativ nizomlarga bekor qilish yoki oʻzgartirishga doir oʻzgartirishni kiritish zarurati tugʻiladi. Demak, ushbu meʼyoriy hujjat sohadagi qator noaniqliklarga barham beradi.
Javlonbek ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring