Qoʻmondon kubogi doirasida xotira mini-futbol turniri oʻtkazildi

10:02 13 Yanvar 2026 Jamiyat
145 0

Vatanparvarlik oyligi doirasida navbatdagi sport tadbiri — Janubiy-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugi Qoʻmondon kubogi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismning “Janub qalqonlari” mahallasida boʻlib oʻtdi. Musobaqa marhum harbiy xizmatchi Chori Shamiyev xotirasiga bagʻishlangan mini-futbol turniri sifatida tashkil etildi.

Bellashuvlarda garnizonda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar jamoalari hamda Kakaydi qoʻrgʻon mahallasi jamoasi ishtirok etdi. Oʻyinlar qizgʻin, murosasiz va ayni paytda doʻstona ruhda kechdi. Maydonda har bir jamoa gʻalaba uchun bor kuch-gʻayratini safarbar etib, jismoniy tayyorgarlik, jamoaviy hamjihatlik va sport mahoratini namoyon qildi.

Musobaqani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlar va harbiy xizmatchilar oʻrtasida vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, shuningdek, Vatan himoyasi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan marhum harbiy xizmatchining yorqin xotirasini eʼzozlashdan iborat boʻldi.

Turnir yakunida gʻolib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan munosib taqdirlandi. Bunday sport musobaqalari harbiylar va aholi oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlab, yurtga sadoqat va fidoyilik ruhini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?