Qoʻmita majlisida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi va qator dolzarb masalalar muhokama etildi

10:21 15 Yanvar 2026 Siyosat
160 0

Joriy yilning 13-yanvar kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda masʼul xodimlari, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari aʼzolari, shuningdek Yoshlar parlamenti vakillari ishtirok etdi.

Dastlab “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, ushbu Strategiyada belgilangan maqsad va koʻrsatkichlar har bir inson va oila hayotida yaqqol sezilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar asosida qayta koʻrib chiqilib, takomillashtirilgan.

Strategiya loyihasida ijtimoiy sohada qator muhim maqsadlar belgilangan. Xususan, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni tarbiyalashda 100 foiz muqobil shakllarni joriy etish, “Ayollar daftari” orqali kambagʻallikdan chiqarilgan xotin-qizlar ulushini 70 foizga yetkazish, tadbirkor ayollarga ehtiyojmand xotin-qizlarni biriktirish orqali ular kasbga va barqaror daromad manbaiga ega boʻlishiga erishish hamda 100 ming nafar xotin-qizning imkoniyatlarini oshirish kabi vazifalar koʻzda tutilgan.

Madaniyat va sport sohalarida ham keng koʻlamli rejalar belgilangani qayd etildi. Jumladan, madaniy meros obyektlarini saqlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarni 30 foizga oshirish, 2,5 mingta arxeologik ashyoni davlat katalogiga kiritish, 1,1 mln muzey ashyosini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Sport sohasida esa xususiy sport markazlari, fitnes maydonlari va toʻgaraklar bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali 7–35 yoshli aholining sport bilan muntazam shugʻullanish darajasini 40 foizga yetkazish, shuningdek, kamida 5 ming mahallada zamonaviy sport maydonchalarini barpo etish maqsad qilingan.

Strategiya loyihasida yoshlar bandligi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, yoshlar oʻrtasida ishsizlik darajasini 15 foizdan 11 foizga tushirish, 2030-yilga qadar sanoat sohasini rivojlantirish hisobiga qoʻshimcha 400 ming nafar yoshni ish bilan taʼminlash choralari nazarda tutilgan.

Majlis davomida Strategiya loyihasida belgilangan maqsad va vazifalar yuzasidan maʼruzalar tinglanib, ishtirokchilar tomonidan tegishli fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, Senatning tegishli qarori asosida voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun aliment undirish va toʻlash tizimini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Parlament soʻroviga berilgan javoblar tahlili natijasida ayrim masalalar toʻliq yechimini topmagani maʼlum boʻldi. Xususan, doimiy ish joyiga ega boʻlmagan yoki daromadi aniqlanmagan aliment toʻlovchilardan aliment undirish tartibini takomillashtirish, “Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berilgan mablagʻlarni qarzdorlardan undirish, shuningdek, “Bolalarga aliment undirish va oilani taʼminlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi toʻgʻrisida”gi Gaaga konvensiyasiga qoʻshilish masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Kun tartibiga muvofiq 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi.

Maʼlum qilinganidek, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarning iqtisodiy hamda ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmogʻi avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetgan.

“Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturining 4 ta mavsumi yakunlanib, unda jami 244 nafar xotin-qiz oʻqitilib, ulardan 60 nafarining lavozimida oʻsganligi qayd etilgan.

2025-yilda xotin-qizlarning 12,4 mlrd soʻmlik 21 ta startap loyihasi qoʻllab-quvvatlangan. Shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazini shakllantirishga qaratilgan 105 tadan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, ularga 27 ming nafardan ziyod aholi jalb etilgan.

Agrar sektorda xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish maqsadida 2025–2030-yillarga moʻljallangan Gender tenglik strategiyasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Byudjet mablagʻlarini rejalashtirishda gender yondashuvini joriy etish maqsadida maxsus gender indikatorlar ishlab chiqilib, ular barcha vazirlik va idoralarga byudjet dasturlarini shakllantirishda foydalanish uchun taqdim etilgan.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak eʼtirof etilmoqda. Xususan, Parlamentlararo ittifoqning Jenevada boʻlib oʻtgan 151-sessiyasida Oʻzbekiston parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi boʻyicha dunyoda 15-oʻrinni egallagan.

Shuningdek, Ochiq gender maʼlumotlari indeksida Oʻzbekiston eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kirgan. Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa mamlakatimiz oʻz oʻrnini 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarib, 51 pogʻonaga yaxshilagan.

Majlisda davlat xizmatida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirish, gender siyosatini amalga oshirishda ular ishtirokini kengaytirish, shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Majlis doirasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hukumatga kiritilgan takliflarning kelgusidagi ijrosini taʼminlash yuzasidan atroflicha va tanqidiy muhokama oʻtkazilib, tegishli aniq vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?