Qoʻmita majlisida dolzarb qonunlar muhokama qilindi

20:25 12 Fevral 2026 Siyosat
338 0

Joriy yilning 12-fevral kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, fuqarolar oʻrtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarning oldini olish maqsadida ayrim shartnomaviy munosabatlar ishtirokchilarining masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikning prinsiplari toʻla-toʻkis roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda ishtirok etishga monelik qiladigan holatlarni belgilash, shuningdek voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish zaruriyati tugʻilmoqda.

Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga odometr uskunasi koʻrsatkichlari oʻzgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligi toʻgʻrisida xaridorni avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xabardor etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda pedagogning yoki psixologning ishtirok etishiga doir talablar, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish haqida iltimosnoma kiritishning yangi tartibi nazarda tutilmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi isteʼmolchilar huquqlari kafolatlarini taʼminlashga, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishga, sud ishlarini koʻrishda ularning ruhiy va psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlanishiga xizmat qilishi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tuzilmasi hamda davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Qonunga muvofiq endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinayotgan kadrlar bilan mehnat shartnomalari dastlab bir yil muddatga tuzilishi va faqat ijobiy natijalar asosida uzaytirilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, davlat xizmatchilari uchun majburiy malaka oshirish kurslari joriy etilib, prokuratura, bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining boshqaruv lavozimlariga oʻtishida ularning ijtimoiy kafolatlari va kadrlar zaxirasidagi oʻrni saqlab qolinadi.

Qolaversa, Qonun bilan yoshlarga oid siyosatda huquqiy aniqlik kiritilib, 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan (31 yoshga toʻlmagan) shaxslar hamda yosh oilalarning maqomi belgilanmoqda.

Bu kabi oʻzgarishlar normativ hujjatlarni turlicha talqin qilishga chek qoʻyib, imtiyoz va davlat dasturlarini qoʻllashda yagona huquqiy amaliyotni taʼminlashi alohida taʼkidlandi.

Muhokamalar yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер