Qishloq xoʻjaligi rassomlar nigohida: “Art Karavan Agro” – sanʼat va mehnat uygʻunligi
Yer hayotning beshigidir. Don urugʻidan boshlab, mevalar, gullar, daraxtlar, nihoyat, insonning oʻzi ham – bu hayot sarchashmasining betakror moʻjizalaridir. Toshkent davlat agrar universitetida ilk bor oʻtkazilgan “Art Karavan Agro” xalqaro tasviriy va amaliy sanʼat festivali aynan shu moʻjizani sanʼat orqali ifodalashga urindi. Bu nafaqat bir sanʼat tadbiri, balki dehqonchilik hayotining yangi badiiy talqini, agrosohani rassom nigohida qayta kashf etish boʻldi.
Sanʼat orqali tuproqqa hurmat

Festival ochilish marosimi universitetda chinakam bayramona ruhda oʻtdi. Ushbu marosim sanʼat va mehnat uygʻunligini ifodalovchi timsolga aylandi. “Agrar yulduzlari” ansambli tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar va milliy raqslar mehmonlarga oʻzbek qishlogʻi hayotini ifodalab, musiqiy ohang va hissiyot orqali festivalga iliqlik baxsh etdi.

Festival doirasida Oʻzbekiston rassomlari bilan birga, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan 20 dan ortiq professional rassomlar hamda Toshkent davlat agrar universitetining iqtidorli talabalaridan iborat “ijodiy karvon” bir haftalik safarga otlandilar. Ular shunchaki manzara tasvirlash emas, balki qishloq mehnati, tabiat va inson oʻrtasidagi mushtarak hayotni his etishga, qalb orqali idrok qilishga harakat qildilar.

Har bir manzil – rassom uchun badiiy ilhom manbai, tabiat bilan ruhiy muloqot boʻldi.
Zangiota – tarix va dehqonchilik izlari

Ijodiy safarning ilk manzili Zangiota ziyoratgohidagi qadimiy obidalar bilan boshlandi. Meʼmoriy yodgorliklar fonida rassomlar ustoz-shogird anʼanasi doirasida milliy meros, urf-odatlar va zamonaviy qishloq hayotining badiiy uygʻunligini tasvirlashga intildilar. Mehnatga, yerga boʻlgan ehtirom ularning asarlarida aks etdi.
Yusufxona – hosil, tabiat va ruh uygʻunligi

Festivalning navbatdagi manzil – Boʻstonliq tumanidagi Yusufxona maskani edi. Daraxtzorlar, hosilpishar dalalar, ter toʻkayotgan dehqonlar — bu manzaralar rassomlar nigohidan oʻrin oldi. Ular nafaqat tashqi manzarani, balki har bir harakat, har bir mehnat ortidagi ruhiy kuchni asarlariga singdirdilar.
Oqtosh – togʻlar bagʻridagi hayot

Navbatdagi manzil Oqtosh qishlogʻiga bagʻishlandi. Togʻ va vodiylar manzarasi orasida haydov ishlari, chorvadorlar mehnati aks etgan sanʼat asarlari yaratildi. Rassomlar akvarel, pastel, grafik va rangtasvir texnikalarida turli uslubda ish olib borib, tabiat va inson oʻrtasidagi uygʻunlikni badiiy obrazlarga aylantirdilar.
Xumson – yakun emas, ilhomning boshlanishi

Festivalning keyingi manzili – Xumson. Bu yerda rassomlar qishloq hayotining ruhini yanada chuqurroq anglashga urindilar. Bolalar, bogʻbonlar, mehnatkash ayollar, yaylovlar va mollar, daraxt tagidagi orom — oddiy hayot manzaralari kuchli badiiy simvolga aylandi.
Universitet oʻquv ilmiy tajriba xoʻjaligi – rassomlar nigohida

Universitetimizning 20 nafardan ortiq iqtidorli talabalarining ushbu festivalda faol ishtirok etgani esa biz uchun ayniqsa quvonarlidir. Ular oʻz koʻz oʻngida sanʼat orqali qishloq hayotining turfa qirralarini anglab, mehnatga estetik nigoh bilan qarashni oʻrgandilar. Bu – nafaqat ularning badiiy salohiyatini oshirdi, balki kasbiy dunyoqarashlarini ham boyitdi.

Toshkent davlat agrar universitetining oʻquv ilmiy tajriba xoʻjaligi yosh ijodkorlar uchun qishloq xoʻjaligining bogʻdorchilik, uzumchilik, poliz ekinlari, ilgʻor agrotexnologiyalar va zamonaviy sugʻorish tizimlari, sohadagi innovatsiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini badiiy sanʼat yordamida tasvirlash uchun qulay sharoit yaratib berdi.

Ushbu festival nafaqat talabalarning sanʼatga boʻlgan qiziqishini oshirdi, balki ularni dehqonlarimiz mehnatiga, yerga, Qishloq xoʻjaligi va umuman tabiatga chuqur hurmat bilan qarashga oʻrgatdi.

Mazkur festival Toshkent davlat agrar universitetida oʻzgacha bayramona ruhda yakunlandi. Yopilish marosimi ilm, sanʼat va mehnat uygʻunligini ifodalagan tantanali lahzalarga boy boʻldi. Rassomlar, talaba-yoshlar va mehmonlar ishtirokidagi chiqishlar, ijodiy koʻrgazmalar, milliy kuy va raqslar orqali festival yakuni haqiqiy madaniy voqeaga aylandi. Festival davomida yaratilgan badiiy asarlar universitetga esdalik sifatida taqdim etildi.
Sanʼat orqali qishloq xoʻjaligini anglash – yosh avlodni tarbiyalashda yangi yondashuv

Festival nafaqat sanʼat namoyishi, balki madaniy tafakkur, estetik tarbiya va qishloq hayotining poetik talqini sifatida tarixda qoladi. Eng muhimi, u zamindan ungan hayot goʻzalligini yurak bilan koʻrishga chorlaydi. Bu faqatgina suratlar koʻrgazmasi emas edi – bu hayot falsafasi, bu xalqona haqiqatni sanʼat orqali bayon etish edi. Bu bilan biz agrar sohaga madaniy yondashuvni shakllantirish yoʻlida muhim qadam boʻldi deyish mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring