Buxorada ikki tuman Kaspiy suvi ostida qolishi rostmi? Vazirlik munosabat bildirdi

13:25 29 Aprel 2020 Jamiyat
5409 0

Buxoroga 27-aprel oqshomida Turkmanistondan kuchli shamol yopirildi. Bu ofatdan Olot va Qorakoʻl tumanlari jabr koʻrdi.

Natijada energetika obyektlari ishdan chiqdi. AAholi oʻrtasida esa buning oqibatida Amudaryodagi nasoslar ishlamay qolgani sabab Qorakoʻl va Olot tumanlari Amudaryo suvi ostida qolishi haqida xabarlar tarqaldi. Suv toshishidan qoʻrqqan Qorakoʻl aholisi Zamonbobo qirga qochdi.

Hokimlik xabarlarni rad qilgach barcha uyiga qaytdi.

Mazkur voqeaga Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi ham aniqlik kiritdi.

Maʼlum qilinishicha, Amudaryoning Oʻzbekiston hududiga kirib keladigan nuqtasidagi Termiz suv oʻlchash postida hozirda oʻrtacha 1300 m3/sek. suv oqib oʻtmoqda. Bu koʻrsatkich oʻrtacha koʻp yillik meʼyorga nisbatan 3–4 baravarga kamdir. Shuningdek, Amudaryoning Buxoro viloyatiga suv olish hududida joylashgan Atamirat suv oʻlchash postida ham bugungi kunda oʻrtacha 805 m3/sek. suv oqib oʻtayotgan boʻlib, koʻp yillik meʼyorga nisbatan 4 baravarga kamdir.

Amudaryoning asosiy irmogʻi boʻlgan Vaxsh daryosida joylashgan Tojikistonning Nurek suv ombori umumiy hajmi 10,5 mlrd. m3 boʻlib, bugungi kunda mazkur suv omborida suv hajmi bor-yoʻgʻi 6,2 mlrd. m3 ni tashkil etadi yoki suv omborda suv zaxirasi deyarli qolmagan (suv omborining oʻlik suv hajmi 6,0 mlrd. m3).

“Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev Amudaryodagi suv resurslariga bogʻliq vaziyatni Tojikiston Respublikasi Suv va energetika vaziri Usmonali Usmonzoda bilan telefon orqali muhokama qilgan. Tojikistonlik vazir suhbat davomida Amudaryoda hech qanday toshqin boʻlishi mumkin esmasligi va bunga biror-bir omil yoʻqligini taʼkidlagan.

Shundan koʻrinib turibdiki, Amudaryoda suv koʻpayishi kuzatilayotgani yoʻq va bunga hech qanday sabab ham mavjud emas”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Kaspiy dengizida suv toshqini boʻlib, Oʻzbekiston hududiga, shu jumladan, Olot va Qorakoʻl tumanlarigacha yetib kelishi borasida tarqalgan mishmishlar mutlaqo asossizdir. Chunki xalqaro sathlar shkalasiga (Boltiq tizimiga) nisbatan Kaspiy dengizining suv sathi 27 metr pastda, Olot va Qorakoʻl tumanlarining yer sathi esa oʻrtacha 190 metr yuqorida joylashgan. Bundan koʻrinib turibdiki, Kaspiy dengizining suv sathi Olot va Qorakoʻl tumanlari yer sathidan oʻrtacha 217 metr pastda hamda 950 km uzoqlikda joylashgan.

“Suv xoʻjaligi vazirligi xalqimizga shuni katta ishonch bilan taʼkidlaydiki, Amudaryoda, qolaversa, Olot va Qorakoʻl tumanlarida hech qanday suv toshqini kuzatilmayapti va hozirgi sharoitda buning aslo ehtimoli ham mavjud emas.

Shu sababli halqimizni turli mishmishlarga va asossiz xabarlarga ishonmasliklarini soʻrab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?