Qarshida “Uzbekistan Airports”ning 15 milloninchi yoʻlovchisi tantanali kutib olindi

10:13 23 Dekabr 2025 Jamiyat
145 0

“Ural Airlines” aviakompaniyasining “Moskva – Qarshi” yoʻnalishidagi U6-2457 reysi orqali turmush oʻrtogʻi va farzandi hamrohligida Qarshi xalqaro aeroportiga yetib kelgan Sarvinoz Boʻriyeva “Uzbekistan Airports” AJ tizimiga kiruvchi aeroportlar xizmatidan joriy yilda foydalangan 15 millioninchi yoʻlovchi sifatida qayd etildi.

Yubiley raqam sohibi aeroport rahbariyati va keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Unga “Oʻzbekiston aeroportlarining faxriy yoʻlovchisi” sertifikati, sayohat uchun moʻljallangan chamadon, brendli esdalik sovgʻalari hamda Qarshidan Moskvaga bepul aviachipta olish uchun vaucher topshirildi.

— Yil boshidan buyon 15 million nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilishi shunchaki raqam emas, balki mamlakat aeroport infratuzilmasining barqaror rivojlanayotgani va yoʻlovchilar oqimi izchil ortib borayotganining yaqqol dalilidir, — dedi Qarshi xalqaro aeroporti direktori Oʻktam Qurbonnazarov. — Qarshi xalqaro aeroporti uchun bunday ahamiyatli voqeaga mezbonlik qilish katta sharaf boʻlib, bu hududiy aeroportlarni rivojlantirish va milliy havo transporti tizimida tutgan oʻrnimizning tasdigʻidir.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?