Qalblarga umid chirogʻini yoqqan manzilli yordam

10:55 17 Iyun 2025 Jamiyat
117 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent tumani “Koʻlxatib” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 5300 dan ziyod aholi yashaydi. Shundan 114 nafari nogironligi boʻlgan shaxslar, 89 nafari ehtiyojmand oila vakillari sanaladi. 86 yoshli Oysara Davlatovaning oilasi ham shular sirasiga kiradi.

Oysara aya yurgani qiynalib qolgan. Oilaning topish-tutishi haminqadar. Xonadonning shart-sharoitini oʻrgangan mahalla hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bu oilani “Kambagʻallik reyestri”ga kiritdi. Avvalo, yoshi bir joyga borib qolgan ayaga kelini Risolat Shomurodova rasmiy qarovchi sifatida biriktirildi. »Saxovat va koʻmak» jamgʻarmasi orqali bir martalik moddiy yordam ajratildi.

— Risolat opaning oʻgʻli Oltinjonga shifokorlar saraton kasalligi tashxisini qoʻyishgan, — deydi mahalla ijtimoiy xizmat koʻrsatish xodimi Munira Jamilova. — U nogiron sifatida roʻyxatga olindi. Bu unga qoʻshimcha ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish imkonini berdi. Bundan tashqari, Risolat opaning keliniga referal xizmat asosida tikuvchilik mashinasi xaridi uchun imtiyozli kredit ajratildi. Natijada oilaning daromad topishi uchun kichik bir manba yuzaga keldi.

Turmush tashvishlari oldida kalavaning ipini yoʻqotib qoʻygan kishiga baʼzan bir ogʻiz soʻz ham madad boʻladi. Mahallada yashovchi boshqa ehtiyojmand kishilar ham markaz faollarining doimiy eʼtiborida. Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan manzilli yordam Oysara opaga oʻxshagan yurtdoshlarimizning koʻziga nur, qalbiga umid bagʻishlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?