Qabrtoshlar XVII asrga oidligi maʼlum boʻldi

00:39 04 Noyabr 2021 Jamiyat
738 0

Bugun kunning birinchi yarmida Samarqand shahrida qadimiy artefakt topilgani haqida xabar bergan edik. Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi mazkur topilma yuzasidan dastlabki maʼlumotni taqdim etdi.

Unga koʻra, “Samarqand xalqaro aeroporti” MCHJ xodimlari aeroport hududini rekonstruksiya qilish jarayonida oldingi dala-hovlilar oʻrnida aniqlangan qabrtoshlar haqida mutasaddilarga xabar bergan. Mazkur xabar asosida bugunning oʻzida Samarqand arxeologiya instituti va SamDU tarix fakulteti xodimlari topilmani borib oʻrgangan.

Oʻrganish jarayonida oʻlchami 154x50x34 santimetrli sandiq shaklidagi qabrtosh oq marmardan ishlangani, toshning usti va yon tomonida “Baqara” surasining 254-, 256-oyatlari tushirilgani maʼlum boʻldi. Qabrtoshning ayrim qismlari yaxshi saqlanmagani shaxsning dafn etilgan vaqti va toʻliq ism-sharifi haqida maʼlumot olish jarayonini murakkablashtirgani aytildi. Dastlabki koʻzdan kechirish natijasida unda “Oqila bibi” deb yozilgani aniqlangan.

“Ikkinchi qabrtosh ham sandiq shaklida boʻlib, qora marmar toshdan ishlangan, unda hijriy 1049 (1659) yil sanasi bitilgan, oʻlchami 116x37x25 santimetr. Qabrtosh sohibining ismi yozilgan tomoniga shikast yetgani sababli hozircha bu borada aniq maʼlumot mavjud emas. Ayni vaqtda tadqiqot ishlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Qabrtoshlar “Samarqand xalqaro aeroporti” MCHJ tomonidan Samarqand oʻlkashunoslik muzeyiga olib borilgan. Oʻrganishlar boʻyicha batafsil maʼlumot berilishi vaʼda qilinmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер