Prezident Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

15:42 06 Oktyabr 2025 Siyosat
230 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni mamlakatimizda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda dunyoda sunʼiy intellekt texnologiyalari iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yoʻnalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Sunʼiy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz sunʼiy intellektni tatbiq etish boʻyicha xalqaro reytingda 17 pogʻona yuqoriladi. Hozirda Oʻzbekiston 188 davlat ichida 70-oʻrinni, Markaziy Osiyo boʻyicha esa birinchi oʻrinni egallab turibdi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu natijalar sohada qoʻyilgan ilk qadamlar samarasidir, ammo oldinda hali koʻp ish turibdi. Shu maqsadda oʻtgan yili 2030-yilgacha moʻljallangan Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablagʻ ajratilgan. Sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirildi. Hozirda sunʼiy intellektni qoʻllash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

– Sunʼiy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilgʻor, oʻzini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni oʻrganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Taqdimotda sunʼiy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini oʻzimizda yaratish, maʼlumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi boʻlgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Sunʼiy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika oʻqituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida koʻplab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI boʻyicha 5 ta bepul onlayn oʻquv dasturi yoʻlga qoʻyilgan. Dastur doirasida 2027-yilga qadar 1 million nafar yosh sunʼiy intellekt sohasidagi bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qoʻllab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sunʼiy intellekt xakatoni yoʻlga qoʻyiladi. Shu kunlarda Nukus shahrida sogʻliqni saqlash boʻyicha “HealthTech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bu tajribani kengaytirib, taʼlim, sud tizimi, suv xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlarida ham oʻtkazish muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz taqdimot qilingan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlab, ularni sunʼiy intellektni joriy etishni yanada jadallashtirish, ilgʻor tajribani amaliyotga tatbiq etish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish yoʻnalishida yanada takomillashtirish va kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер