Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

15:33 15 Oktyabr 2025 Siyosat
160 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, “ACWA Power”, “Al Muhaidib Group”, “Vision Invest”, “Data Volt”, “Riyadh Cables”, “AlMajdiah”, “InterHealth”, “Saudi Tabreed”, “AlBawani Holding”, “Miahona”, “Pemco” va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli keyingi yillarda Oʻzbekiston-Saudiya koʻp qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.

Qoʻshma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon yurtimizda Saudiyaning 2 milliard dollarlik investitsiyalari oʻzlashtirildi. Oʻzaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60-martadan ortdi.

Bugun ikki mamlakat oʻrtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili boʻlgan tarixiy loyiha – yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qoʻyilishi alohida taʼkidlandi.

- Oʻzbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qoʻshayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz, — dedi Prezident.

Soʻng Oʻzbekiston yetakchisi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib, energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bugungi kunda “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, “yashil“ vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bunday loyihalarda oʻzimizning ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoatimiz salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.

Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. “Data Volt” kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy maʼlumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega.

Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki“ tashkil etilib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Infratuzilma sohasida “Miahona” kompaniyasi bilan Fargʻona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpogʻistonda suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari boʻyicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.

Shuningdek, “Saudi Tabreed” kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Prezidentimiz Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi oʻzaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Oʻz navbatida, Saudiya Arabistoni yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror oʻsishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatimizda oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildilar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?