Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

14:32 15 Oktyabr 2025 Siyosat
211 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida mamlakatimizga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Saudiya koʻp qirrali hamkorligi va keng koʻlamli sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajadagi aloqalar faollashdi. Oʻzaro savdo hajmi, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va qoʻshma korxonalar soni ortib bormoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar koʻpaydi.

Qoʻshma loyihalar portfeli 27 milliard dollarga yetdi. “ACWA Power” kompaniyasi bilan energetika sohasida 15 milliard dollarlik qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Toshkent shahrida oʻtgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishlarining samarali natijalari, ular doirasida yangi bitim va shartnomalar imzolangani yuksak baholandi.

“Yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, koʻchmas mulk, mamlakatimiz hududlarida infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi loyiha va tashabbuslarni tez fursatda amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?