Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktyabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida kasaba uyushmalari harakati aʼzolariga oʻzining yuksak hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi, har bir korxona va tashkilotga ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga ragʻbat va adolat ruhini olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
– Biz bugun Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida ulkan marralarga intilib, dadil qadam tashlayapmiz. Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, koʻp millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bogʻlaganmiz. Bu borada mehnatkash va bagʻrikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning oʻrni, qoʻshayotgan hissasi beqiyos, – dedi Prezident.
Sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib kelgani, minglab yangi quvvatlar ishga tushirilib, millionlab doimiy ish oʻrni yaratilgani taʼkidlandi. Xususiy sektorga keng yoʻl ochilib, odamlarga munosib mehnat sharoiti yaratib berilgani uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyani taʼminlash boʻyicha mustahkam qonuniy asoslar yaratilgani taʼkidlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida” va “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinishi bu sohada muhim qadam boʻldi.
Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy oldi. Sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.
– Bolalar mehnati va majburiy mehnatga toʻliq barham berish uzoq yillar biz uchun eng ogʻriqli masala boʻlib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qatʼiy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik, — dedi Prezident.
Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha ilgʻor tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.
Mamlakatimiz sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli oʻtish jarayonlari uchun ish oʻrinlari yaratish va ijtimoiy himoya boʻyicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat boʻyicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda, mamlakatimiz oʻtgan yili ushbu tashkilotning Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga saylandi.
Bu natijalarda 8 millionga yaqin aʼzoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti boʻlgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi borligi taʼkidlandi.
– Biz Oʻzbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Bundan buyon ham kasaba uyushmalariga birlashish huquqini taʼminlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik boʻyicha siyosatni qatʼiy davom ettiramiz, – dedi Prezident.
Kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi alohida qayd etildi.
Keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilindi, ularning foydasiga 267 milliard soʻm undirib berildi. Ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard soʻm tovon puli toʻlab berilgan. Nohaq boʻshatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.
Kasaba uyushmalarining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi ortib bormoqda. Federatsiya tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi tuzildi. 2023-yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi. Federatsiya oʻtgan yili Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga aʼzo boʻlgani uning dunyodagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea boʻldi.
Uchrashuvda kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha kelgusi vazifalar ham muhokama qilindi.
Kelgusi yildan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama respublika komissiyasini (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) ham jalb qilish taklif etildi. Bu mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish boʻyicha yangicha yondashuv boʻladi.
Globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar, jumladan masofaviy va platformali bandlik keng ommalashmoqda. Bugun ushbu yoʻnalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda.
Shu bois, kasaba uyushmalari bilan birgalikda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash, ularning hayoti, xavfsizligini sugʻurtalash boʻyicha asoslangan takliflarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam boʻlib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Prezidentimiz mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy etishga chaqirdi.
Har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi boʻgʻin sifatida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik koʻrsatishi muhim ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.
Masʼul vazirliklarga kasaba uyushmalari bilan birga baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish hamda bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va unga yechim topish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli taʼminlaydigan tashabbuslarni ilgari surish maqsadida vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qoʻshma yigʻilishini doimiy ravishda oʻtkazib boradigan tizimni yoʻlga qoʻyish taklif etildi
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sugʻurta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida eʼtibor qaratishi zarurligi taʼkidlandi.
Turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.
Shu bois, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtiroki aniq belgilash zarurligi qayd etildi.
Olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi. Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz boʻylab, kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan Prezidentimiz mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari”ni tashkil etishni taklif qildi.
– Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli boʻlayotganiga yana bir bor amin boʻldim. Bundan buyon ham “Inson qadri uchun”, degan ezgu gʻoya Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi, — dedi davlatimiz rahbari.
Soʻzini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari soha vakillarini Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan kasaba uyushmalari kuni bilan tabrikladi.
Uchrashuvda kasaba uyushmalari faollari bilan muloqot oʻtkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring