Prezident IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Hurmatli festival qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!
Avvalo, siz, azizlarni ochiq osmon ostidagi betakror muzey shahar – qadimiy Xivada o‘tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugungi san’at bayramida ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar va qardosh mamlakatlar vakillariga, dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalari, atoqli madaniyat va san’at arboblariga samimiy tashakkurim, yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Saxovatli O‘zbekiston zaminiga, ko‘hna Xorazm diyoriga xush kelibsiz!
Qadrli do‘stlar!
Xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgan mazkur anjuman bu yil ko‘hna Sharq gavhari – betakror Xorazm diyorida o‘tkazilayotgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishlamoqda. Bu o‘lkaning dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, “Lazgi” kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlari, go‘zal raqslari aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu qutlug‘ zamindan yetishib chiqqan O‘zbekiston xalq baxshilari “Bola baxshi” – Qurbonnazar Abdullayev, “Qalandar baxshi” – Ro‘zimboy Normatov, Abdulla Qurbonnazarov, Yetmishboy Abdullayev kabi yorqin ovoz va iste’dod sohiblari tomonidan yuksak pardalarda kuylangan “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Alpomish” va “Xirmondali” kabi xalq dostonlari milliy madaniyatimizning o‘lmas durdonalari sifatida ma’naviyatimiz xazinasidan mustahkam joy egallaganini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz va baxshichilik san’atining bugungi davomchilariga ijodiy yutuq va ravnaq tilaymiz.
Hurmatli festival ishtirokchilari!
Festival kunlarida sizlar san’atni chin dildan sevadigan mehmondo‘st, bag‘rikeng xalqimiz bilan samimiy muloqotlar o‘tkazib, yurtimizning boy tarixi, madaniyati va bezavol qadriyatlari, tabarruk maskanlari, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yutuqlari, jumladan, baxshichilik san’atini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, yorqin taassurotlarga ega bo‘lasiz, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, tanlov ishtirokchilari hamda festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.
Eng ezgu va xalqchil his-tuyg‘ularni tarannum etishda sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va ilhom doimo yor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Taekvondochilarimiz klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini 14 ta medal bilan tugatishdi
- Duatlon: eng kuchlilar ma’lum bo‘ldi
- Sambo: vakillarimizning xalqaro turnirdagi muvaffaqiyati
- Oʻzbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida 27 ta medalga ega chiqdi
- 2025-yilgi FIDE Jahon rapid va blits chempionati Qatarda oʻtkaziladi
- Og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring