Pandemiya – korrupsiyaning yangi manbaimi?!

18:30 12 Avgust 2020 Siyosat
1517 0

Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kuning eng dolzarb masalalaridan bir boʻlib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurash dunyoning koʻplab mamlakatlarini qamrab olmoqda. Chunki korrupsiya har qanday davlat, har qanday jamiyatni kemiruvchi, yemiruvchi illatdir.

Jahonda korrupsiyaning turi ham, tavsifi ham juda koʻp. Uning kelib chiqish sabablarini ochish, unga qarshi kurashishning samarali yoʻllarini topish boʻyicha turli tadqiqot muassasalari, xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, olimlar tomonidan yuzlab tadqiqotlar oʻtkazilgan. Turli koʻrsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar yaratilgan, oʻziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil formulalari ham ishlab chiqilgan.

Ming afsuski, butun rivojlanish tarixi davomida turli texnologiyalarni ixtiro qilgan, koʻplab davosi boʻlmagan kasalliklarga davo topgan insoniyat korrupsiyaga qarshi aniq bir dorini topa olgani yoʻq.

Taʼkidlash joizki, bu borada Oʻzbekiston oʻzining “Halollik vaksinasi”ni yaratishga tayyor ekanligini bildirgan va davlat rahbari bu haqida ilk bor Parlamentga yoʻllagan murojaatnomasida qayd etgan edi.

Agar biz yarim yil asnosida bir yaramas virusning organizmimizni yemirishini oldini olishga kurashib kelayotgan boʻlsak, korrupsiya atalmish illat bir chaqaloqning dunyoga kelishi jarayonidayoq jon-joniga, qon-qoniga singib ketgan. Bolakay katta boʻlgan sari, korrupsiya ham boʻy choʻzaveradi, ular yaqin, ajralmas doʻstga aylanishadi. Birga “qoʻl ushlashib” bogʻchaga, maktabga, oliy taʼlim muassasasiga, keyinchalik “suhbatlardan” oʻtib, “diplom” bilan ish boshlashadi, “bamaslahat” lavozim pillapoyalaridan koʻtarilishadi, turmush qurishadi, farzandli boʻlishadi... Hayot davom etaveradi...

“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunda unga shunday taʼrif berilgan: «korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish».

Qachon korrupsiyani kelib chiqishiga sharoit yaratiladi? Qachonki, huquqni qoʻllovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlar turlicha qoʻllansa; aholining huquqiy savodxonligi, ish haqi va boshqa daromadlari past boʻlsa; mamlakatda siyosiy vaziyat notinch boʻlsa.

Aynan mana shu soʻnggi omil kishini oʻylantiradi. Mamlakatda qanday vaziyat boʻlishi kerakki, qabul qilingan qonun ishlamasa, 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi bajarilmasa?! Xususan, 2019-yil may oyidan Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlar oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlash maqsadida telegramm ijtimoiy tarmogʻida @antikorbot nomli maxsus bot yaratilib, ishga tushirilishi kerak edi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yana-da jadallashtirish maqsadida 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturida 2019-yil dekabr oyiga qadar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida davlat organlariga axborot berish mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan fuqarolarga korrupsiya faktlari toʻgʻrisida davlat organlarini xabardor qilish imkonini beruvchi mobil va boshqa ilovalarni ishlab chiqish belgilangan edi.

Yuqorida keltirilgan vazifalar ijrosi yuzasidan biror bir tahlillar bormi? Korrupsiyaning biron-bir “ildizi” quritildimi?

Menimcha, samaradorlik va natijadorlik boʻlganida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishiga zarurat boʻlmas edi. Mazkur Agentlikning davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar toʻqnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda koʻmaklashish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasini ishlab chiqish, shu bilan birga, korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturini yaratish kabi vazifalari ilgari yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolarni qaytarmasligiga odamning ishongisi kelmoqda.

Zero, ishonch insonni olgʻa intiltiradi, harakatlantiradi. Buyuk ishlarga boshlaydi. Aynan mana shu “ishonch” baʼzi kimsalarning hatto xalqning boshiga tushgan kulfatdan ham foyda koʻrishga, mablagʻ undirishga, “saxovat va koʻmak”ni jigʻildoniga urishga, “homiylar” pulini hamyoniga tiqishga yoʻnaltirdi. Bir soʻz bilan aytganda, pandemiya – korrupsiyaning yangi “serjilo” manbaiga aylandi.

Aholining aksariyati masofadan faoliyat yuritayotganligi bois, nigohlari televizor yoki mobil telefon ekraniga qadalgan. Koʻpchilikda shunday ruhiyat paydo boʻldiki, bir kanalda davlat rahbari boshchiligidagi dolzarb masalalar boʻyicha selektor mavzusi koʻrsatilsa, boshqa kanal aynan selektorda koʻtarilgan muammolarning “pulga sotilayotgani”ni namoyish etmoqda. Jumladan, karantinni kuchaytirish maqsadida, mashinalarga beriladigan stiker talablari Andijonda bemalol “sotilmoqda”, shifokorlarga ajratilgan qoʻshimcha ish haqlari boshqa viloyatda “egasini topolmay garang”, bemorlarni tezkor kasalxonalarga yetkazishiga ajratilgan mashinalar kaliti kimlargadir “toʻyona” boʻlganligi sabab (toʻylar toʻxtatilgani bilan toʻyonalar bekor qilinmadi-ku) bir bemor oʻz taqdirini 4 soatdan ortiq “kutib qolmoqda”, karantinga olingan bemorlarga 35 millionlik xarajat belgilangan boʻlsa-da, xarj qilinmagan summa yuzasidan xastalangandan “mablagʻ sarflandi” degan noma yozdirib olinmoqda.

Pandemiya soʻzining ohangi oʻzgacha ekanu, lekin «ohanjamasi» boshqacha ekan. Birgina najot yangi ixtiro qilinayotgan vaksinadan. Soʻnggi xabarlarga koʻra, koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlashlar yoʻlga qoʻyilar ekan. Bunda ham oʻzbekistonliklarning omadi bor ekan, chunki boshqalarga bitta dori yuborilsa, bizda oʻzimizning “Halollik vaksina” miz ham bor. Ana shunda biz tojdor maxluqni albatta yengamiz.

Gulruh AGZAMOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер