Pandemiya bilan bogʻliq uch ssenariy maʼlum qilindi
Yil oxirigacha koronavirusni jilovlash mumkinmi? Bu davrda pandemiya qanday tus oladi? Kasallikning ortga chekinishi koʻproq qaysi omillarga bogʻliq?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus bu borada uch taxminiy ssenariyni maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, yil davomida COVID-19 mutatsiyaga uchrashda davom etadi, infeksiyaning yana qator yangi shtammlari paydo boʻlishi mumkin. Ammo ommaviy emlash koʻrsatkichlari oshishi va aholi immuniteti kuchayishi bilan xastalikning ogʻir asoratlari kamayib boradi.
Birinchi ssenariyga koʻra, koronavirusning ogʻir kechuvchi shtammlari paydo boʻlmaydi va kasallikka qarshi mavjud vaksinalar yordamida kurashish kutilgan samarani beradi.
Ikkinchi ssenariyga muvofiq, COVID-19ning hozirgidan ham yuqumliroq va tez tarqaluvchi variantlari yuzaga keladi.
Uchinchi ssenariyga asosan, odamlarni koronavirusning ogʻir asoratlaridan asrash ancha murakkablashadi. Bunday vaziyatda yangi, yanada samarali vaksinalar ishlab chiqarish talab etiladi.
Shunga qaramay, JSST tibbiy niqoblar, ijtimoiy masofa saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish orqali kasallikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish mumkinligini taʼkidladi.
Eng muhimi, joriy yil ikkinchi yarmiga qadar dunyodagi har bir mamlakat aholisining 70 foizi toʻliq emlanishiga erishish ustuvor maqsad hisoblanadi. Bu jarayonda, avvalo, tibbiyot xodimlari, keksalar va xavf guruhiga mansub boshqa qatlamni qamrab olishga alohida eʼtibor qaratish joiz.
“Baʼzi davlatlarda toʻrtinchi doza bilan emlash jarayonlari boshlangani quvonarli, — deydi T. Gebreyesus. — Ammo dunyo aholisining uchdan bir qismi, shu jumladan, Afrikada yashovchilarning 83 foizi hatto birinchi bosqichda vaksina olgani yoʻq. Bu esa barchamizda xavotir va tashvish uygʻotishi kerak”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring