Oʻzbekning qirgʻiz qizi

16:27 29 Oktyabr 2025 Jamiyat
208 0

Xonobod shahri respublikamizning eng olis hududida joylashgan. U oʻzining betakror tabiati, iqlimi bilan mashhur. Bu yerda Xonobodni yurakdan sevuvchilar koʻp. Shulardan biri Erkinoy Abjamilova aslida qirgʻiz millatiga mansub. Xonobod shahrida tugʻilib, shu manzilda kamol topdi. Garchi, oʻzbekona muhitda voyaga yetgan boʻlsa-da, shundoqqina derazasidan koʻzga tashlanib turgan Qirgʻiziston Respublikasidagi qishloqlar ham unda katta qiziqish uygʻotardi. Shu tariqa har ikkala millat madaniyati, qadriyatlariga mehr bilan ulgʻaydi.

2017-yili Prezidentimizning Xonobod shahriga tashrifi bu yurt hayotida yangi sahifa ochdi. Shu kundan boshlab shaharga kirib-chiqishdagi pasport tizimi bekor qilindi. Keyinchalik qoʻshni davlat bilan chegaralar ochilib, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari yaxshilandi. Bundan ruhlangan Erkinoy ikki davlat, ikki millat oʻrtasidagi munosabatlar rivojiga hissa qoʻshishni istadi.

– Shahrimiz adirlik yonbagʻrida joylashganligi sabab betakror manzaraga ega, – deydi Erkinoy. – Biroq, uning foydalanilmay turgan joylari juda koʻp. Men dengiz sathidan 800 metr yuqoridagi tashlandiq joyda tozalov ishlarini amalga oshirdim. Daraxt koʻchatlarini ekib, “Altыn Ordo” ( “Oltin oʻrda”) dam olish va ovqatlanish maskanini ishga tushirdim. Yigirma turdan ziyod qirgʻiz milliy taomlarini tayyorlashni yoʻlga qoʻyib, oʻtovlar tikladim. Qoʻshni davlatning bir parchasini barpo etdim. Bu esa sayyohlarni befarq qoldirmadi. Hozirda bir paytning oʻzida 200 nafar mehmonlarga xizmat koʻrsatmoqdamiz. Qoʻshni davlatdan tashrif buyuruvchi mehmonlarning taklifini inobatga olgan holda endilikda oʻzbek va Yevropa taomlarini ham tayyorlayapmiz. Maskanimizda sunʼiy favvora, sharshara tashkil etganmiz. Milliy va zamonaviy oʻtovlarda oʻtirgan kishi butun shahar manzarasini tomosha qilishi mumkin. Qirgʻiziston Respublikasidagi bir nechta sayyohlik markazlari bilan kelishuvimizga asosan sayyohlik salohiyatini oshirishga ham hissa qoʻshib kelmoqdamiz.

Erkinoy Abjamilovadagi gʻayrat-shijoat mahalliy hokimlik eʼtiborini jalb etdi. Undagi tadbirkorlik, ishbilarmonlik xususiyatlarini hisobga olgan holda vakolatli ishga taklif etildi. Ayni paytda u tadbirkorlar savdo-sanoat palatasining Xonobod shahar boʻlimi rahbari sifatida ham faoliyat olib bormoqda. Mingga yaqin yakka tadbirkor va hunarmandlar, shuningdek, oʻttizga yaqin yirik ishlab chiqaruvchilar faoliyati orqali hudud iqtisodiyotini shakllantirish boʻyicha istiqbolli loyihalar ustida ishlamoqda.

Erkinoy nafaqat xizmat faoliyati orqali, balki shaxsiy hayotida ham ikki xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan. Oʻzbek yigiti bilan turmush qurib, hozirda uch nafar farzandni tarbiyalamoqda.

– Qirgʻizistonda koʻpchilik uchun “Qirgʻizning oʻzbek qizi”man, – deydi u suhbat davomida. – Men esa oʻtmishi, buguni va kelajagi bir boʻlgan qardoshlarning koʻzlagan maqsadi uygʻunligidan quvonaman.

Oramizda shunday insonlar bor ekan, davlatlar oʻrtasidagi chegaralar xaritalardagina boʻy koʻrsatadi. Yurakda esa qardoshlik, qondoshlik va qarindoshlik tuygʻulari yashayveradi.

Saminjon HUSANOV,

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер