Oʻzbekistonning xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlari xalqaro forumda eʼtirof etildi

25–26-avgust kunlari Ulan-Bator shahrida Xotin-qizlar tadbirkorligiga bagʻishlangan xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Unda 25 mamlakatdan 230 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Forumda genderga yoʻnaltirilgan iqtisodiy siyosat, kadrlar boshqaruvi, investitsiya jalb etish va raqobatbardoshlikni oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, shoʻba yigʻilishlari va seminarlarda zamonaviy biznes dunyosida xotin-qizlar duch kelayotgan muammolar hamda ularning yechimlari boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Dastur doirasida ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy manbalarga ega boʻlish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli transformatsiya jarayonlariga ularni keng jalb etish va barqaror iqtisodiyotda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistondan forumda Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Maxkamova ishtirok etdi. U mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, mintaqaviy hamkorlik va gender tengligi tamoyillarini qoʻllab-quvvatlash haqida maʼruza qildi.
“Oʻzbekiston xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquqlarini taʼminlash va salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish borasida xalqaro hamkorlik va konstruktiv muloqot tarafdori. Biz tajriba va yechimlar almashishga, tinch va farovon kelajak uchun hamjihatlikda harakat qilishga doimo tayyormiz”, – dedi Maxkamova.
Forum doirasida u Mongoliya Bosh vaziri oʻrinbosari S.Amarsayxan hamda Oila, mehnat va ijtimoiy himoya vaziri T.Aubaki bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat oʻrtasida xotin-qizlar masalalari, oila institutini mustahkamlash va ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantirish, ular uchun qulay biznes muhitini yaratish va tajriba almashishning ahamiyati qayd etildi. Kelgusida qoʻshma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring