Oʻzbekiston—Gruziya rektorlar forumi tashkil etiladi

Shu yilning 26-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev boshchiligidagi delegatsiya Gruziya Respublikasining taʼlim, fan va yoshlar vazirining birinchi oʻrinbosari Giorgi Modebadze bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda, shuningdek, Gruziya taʼlim, fan va yoshlar vazirining oʻrinbosarlari Baya Kvitsiani hamda Tamar Gvamichava ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat oʻrtasidagi oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarga asosan, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yangi tashabbuslar ilgari surildi. Tomonlar taʼlim va fan yoʻnalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro professor-oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish boʻyicha fikr almashdilar.
Uchrashuvda ikki mamlakat universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, Gruziyadan uch nafar talaba Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli taʼlim olayotgani qayd etildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va Gruziyaning Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani va bu doirada kolleksion uzumzor barpo etish hamda “Uzumchilik va vinochilik” yoʻnalishi boʻyicha magistrantlar uchun stajirovkalar tashkil etish rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida birinchi rektorlar forumini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ushbu forum ikki mamlakat akademik hamjamiyatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash uchun muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, Gruziya abituriyentlarining Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga kirish jarayonini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu Oʻzbekiston taʼlim sohasining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va taʼlim xizmatlarini eksport qilish yoʻnalishida muhim qadam boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring