Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi

20:44 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
3930 0

26–27-sentyabr kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” xalqaro forumi oʻtkazildi.

Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 70 nafardan ortiq taniqli olimlar, muzey direktorlari, kutubxonachilar hamda madaniy meros sohasidagi mutaxassislar tashrif buyurdi. Forum mehmonlari ochilish arafasida turgan Markazning tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishib, uni jahon ahamiyatiga ega ilmiy-maʼrifiy va madaniy maydon sifatida shakllantirish masalalarini muhokama qilishdi.

Xalqaro forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islomning asl insonparvarlik mohiyatini saqlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Prezidentimiz yaqinda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida soʻzlagan nutqida taʼkidlaganidek, “Jamiyatda bagʻrikenglik siyosatini izchil amalga oshirar ekanmiz, Oʻzbekiston maʼrifatli islom gʻoyalarini chuqur oʻrganish va ularni dunyoga keng targʻib qilishni davom ettiradi. Yaqin oylar ichida Toshkentda mintaqada yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi. BMTda buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Motrudiylarning boy maʼnaviy va ilmiy merosini taqdim etuvchi maxsus tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilgan.”

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu markazning maqsad va vazifalari haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi. Shundan soʻng forum qatnashchilari uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari boʻylab sayohat tashkil qilindi. Mehmonlar va ishtirokchilar Markazning Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar, Birinchi renessans, Ikkinchi renessans, Yangi Oʻzbekiston zallari boʻylab tashkil qilingan ekspozitsiyalarni tomosha qilishdi. Markazning tashqi interyeri, kutubxona, bolalar hududi va boshqa qismlari bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng barcha ishtirokchilar 10 ta shubada Markaz faoliyatini takomillashtirish, ekspozitsiyalarni boyitish boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini bildirishdi. Forum yakunida maxsus deklaratsiya qabul qilindi. Unda barcha ishtirokchilar mamlakatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu yirik megaloyiha nihoyatda yuqori ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Forum ishtirokchilarining ayrimlari bilan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, mazkur markazning Islom madaniy merosini asrashda tutgan oʻrni xususida suhbatlashdik.

Irina OSMANOVA, Davlat din tarixi muzeyi Sharq dinlari boʻlimi katta ilmiy xodimi (Rossiya, Sankt-Peterburg):

– Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlar meni benihoya hayratga soldi. Oʻzbekistondagi ilmiy va madaniy muassasalar bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelamiz. Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi juda katta hodisa boʻldi. Soʻnggi marta bu yerda mart oyida boʻlgandik. Ammo soʻngi yarim yilda juda katta tayyorgarlik ishlari olib borilganiga amin boʻldik. Ekspozitsiyalar ham deyarli tayyor. Biz katta taassurot ostidamiz. Men ushbu markaz ekspozitsiyasi uchun Usmon Qurʼonining 1905-yilda Peterburgda tayyorlangan 50 adad faksimile nusxasiga bagʻishlangan loyihani taqdim etgandim. Bizning loyihamiz aniq ravishda shu faksimile nusxalarining tarqalishining virtual xaritasini yaratishga qaratilgan. Hozirgi kunda 23 nusxa maʼlum. Ular Peterburg, Moskva, Oʻzbekiston, Berlin, AQSH, Ozarbayjon va hatto BAAda saqlanadi. Faksimile nusxalar asl qoʻlyozmadan olingan boʻlib, u Islom sivilizatsiyasi markazining Qurʼon zalida asosiy eksponat sifatida saqlanadi.

Lamin Tamssaout, Fransiya Milliy kutubxona qoʻlyozmalar boʻlimi tadqiqotchisi

–– Men uzoq yillardan beri Oʻzbekistonni, aniqrogʻi, islom dunyosining markazini koʻrishni orzu qilib kelganman. Chunki Islom madaniyatining markazi yoki sivilizatsiya markazi deyilganda darrov Oʻzbekiston koʻz oldimizga keladi. Toshkent, Samarqand, Buxoro singari shaharlar zamonlarning buyuk kashfiyotlari va ilmi yutuqlarini oʻz bagʻrida saqlab kelmoqda. Ana shu sirlarni jahonga oshkor etishda Oʻzbekiston Prezidenti asos solgan ushbu markazning hissasi juda katta boʻlishiga ishonaman. Ishonamanki, bu markaz butun dunyodan sanʼat, madaniyat, ilm-fan vakillarini jamlaydigan yirik maskanga aylanadi. Bino nihoyatda moʻjizakor tarzda qurilgan. Har bir bir naqsh, har bir bezakka alohida eʼtibor qaratilgan. Ichki dizayn va ekspozitsiyalar ham kishini hayratga soladi. Oʻzim sanʼatshunosman. Asosan miniatyuralar bilan shugʻullanaman. Markaz zallarida sharq miniatyurasi namunalaridan oʻrinli foydalanilgan. Kutubxona esa ayniqsa menga yoqdi. Chunki u faqat kitoblar bilan taʼminlanib qolmasdan, balki bugungi texnologiyalar asosida qurilgan va jihozlangan. Bunga juda hayron qoldim va sizlar buning uddasidan chiqishingizga ishongandim, albatta.

Shodmon Vohidov, tarix fanlari doktori, professor, Panjakent Pedagogika instituti prorektori (Tojikiston):