Oʻzbekistonga migrantlar 6 oyda 8,2 milliard AQSH dollari joʻnatdi
2025-yilning dastlabki olti oyida Oʻzbekistonga xorijda mehnat qilayotgan migrantlar tomonidan yuborilgan pul joʻnatmalari hajmi 8,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich avvalgi yilning mos davriga nisbatan 1,8 milliard dollarga kamaygan boʻlsada, baʼzi mamlakatlardan kelayotgan pul oʻtkazmalari keskin oshgani qayd etildi.
Pul joʻnatmalarining asosiy qismi — 78 foizi, yaʼni 6,4 milliard dollari Rossiyadan yuborilgan. Shuningdek, Janubiy Koreya, AQSH, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Litva kabi davlatlardan ham sezilarli hajmdagi oʻtkazmalar amalga oshirilgan. Ayniqsa, rivojlangan davlatlar ulushi ortib bormoqda — masalan, Buyuk Britaniyadan kelgan pul joʻnatmalari ikki barobar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan esa 41 foizga oshgan.
Migrantlarning joʻnatmalari asosan banklar orqali amalga oshirilgan boʻlib, umumiy hajmning 53 foizi — 4,3 milliard dollari shu yoʻl bilan yuborilgan. Pul oʻtkazmalari tizimlari orqali 2,3 milliard dollar va SWIFT tizimi orqali esa 1,8 milliard dollarlik joʻnatmalar qayd etilgan.
Shuningdek, valyuta ayirboshlash bozorida ham jonlanish kuzatildi. 2025-yilning birinchi yarmida jismoniy shaxslar tomonidan 7,4 milliard AQSH dollarlik xorijiy valyuta xarid qilingan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 27 foiz koʻp. Chet el valyutasi sotish hajmi esa 5,4 milliard dollarga yetib, 18 foiz oʻsdi.
Zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanish darajasi ham ortmoqda. Jismoniy shaxslarning 58 foizi valyuta ayirboshlash operatsiyalarini mobil ilovalar orqali amalga oshirgan. Kunlik oʻrtacha 247 mingta valyuta operatsiyasi qayd etilgan boʻlib, bu raqamlar aholining moliyaviy xizmatlarga ishonchi va qulayligining oshib borayotganidan dalolat beradi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga chetdan yuborilayotgan mablagʻlar aholining daromad manbalarini diversifikatsiyalabgina qolmay, bank tizimi va moliyaviy xizmatlar tarmogʻining faol rivojlanishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring