O‘zbekistondagi radioteleskoplar yordamida yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarni izlash imkoniyati paydo bo‘ladimi?

15:56 04 Iyul 2018 Jamiyat
4646 0

Ma’lumki, O‘zbekistonda oxirgi yillarda turizm sohasiga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Hatto ilgari kirish mumkin bo‘lmagan qator obyektlar keng ommaga ochildi, ular sayyohlik, izlanishlar maskanlariga aylantirilayapti.

Jizzax viloyatidagi Suffa platosida joylashgan hamda qurilishi 80-yillarda boshlanib, so‘ngra to‘xtab qolgan radioastronomik kompleks (radioteleskop - RT-70) ana shulardan biri. Ayni paytda bo‘lajak ulkan kashfiyotlarga beshik bo‘lishi kutilayotgan mazkur o‘ziga xos noyob inshootga qayta hayot bag‘ishlash bo‘yicha ham qator rejalar belgilab olingan. Bu borada rossiyalik mutaxassislar bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda. “Rossiyskaya gazeta” nashrida RF Fanlar akademiyasi prezidenti Aleksandr Sergeyev bilan aynan shu mavzuda suhbat uyushtirildi. Taniqli olim umumiy qiymati 100 million dollarlik mazkur teleskopni nima uchun oxirigacha qurib bitkazishga qaror qilingani haqida to‘xtalib o‘tdi. Xo‘sh, RT-70 rostdan ham yulduzlarni tug‘ilishini bilishga yordam beradimi? Yerdan tashqari sivilizatsiyalarni qayerdan izlash mumkin?

Quyida shular haqida.

- “Suffa” radioteleskopi loyihasi Rossiya va O‘zbekiston rahbariyatining jiddiy e’tiborida turibdi, u bir necha bor yuqori darajalarda muhokama qilindi. Xo‘sh, uning noyobligi nimada? Axir, uning tarixi uzun: 30 yildan o‘tdi.

Siz haqsiz, O‘zbekistonning Suffa platosida RT-70 radioteleskopi loyihasi 80-yillar o‘rtalarida boshlangan edi. O‘shanda u dunyoda mutlaq yetakchi sifatida namoyon bo‘lgan.

Unda to‘lqin uzunligining millimetrlik diapazonida nurlanishni qabul qila oladigan 70 metrlik diametrga ega parabola antennasi bor. U uzoq kosmosdan noyob ma’lumotlarni yetkazib beradi, uning yordamida ilm-fan Koinotning ko‘plab sirlarini ochishi mumkin.

O‘sha yillarda kosmos haqidagi bilimlar sohasida jiddiy o‘sishga erishish mumkin edi. Aytgancha, O‘zbekistonning mazkur hududi uzoq davom etgan tadqiqotlardan so‘ng tanlangan.

Yer usti teleskoplarida samoni o‘rganish uchun atmosfera sharoiti kam xalaqit beradigan va yil davomida ochiq ob-havoli kunlar iloji boricha ko‘proq bo‘ladigan qulay astroiqlim zarur. Shuning uchun ham zamonaviy teleskoplar tog‘lar tepasiga barpo etiladi.

Suffa platosi ham dengiz sathidan 2400 metr balandlikda joylashgan va astoiqlimi mos keladi. Qurilish ishlari boshlangan, biroq 1991 yilda to‘xtatilgan. Hozir gap teleskopni oxirigacha qurish va nihoyat foydalanishga topshirish haqida ketmoqda.

Biroq shu o‘tgan o‘nlab yillar davomida ilm-fan ancha ilgarilab ketdi, masalan, Xitoy likobchasining diametri 100 metrga teng bo‘lgan millimetrik teleskopini bunyod etmoqda. “Suffa” antennasiniki esa bor-yo‘g‘i 70 metr, radioteleskopning o‘zi esa ko‘p jihatdan eskirib qolgan bo‘lsa ham ajab emas. Ushbu texnika katta mablag‘ talab qilishi inobatga olinsa, eskini qurib bitkazish shartmi? Axir yetakchilar oldinga o‘tib ketishgan va ularni quvib yetish qiyinov.

Aynan shu savollarga javob topish uchun Rossiya Fanlar akademiyasi olimlari hamda fan va oliy ta’lim vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Ta’kidlashni istardimki, obyekt yaxshi saqlangan, uni bunyod etishni davom ettirish mumkin. Buning uchun qanday dalillar bor? Shulardan bir nechtasini sanab o‘taman.

Ayni paytda Rossiyada millimetrli radioteleskop umuman yo‘q, bu yerdagi esa muhim astronomik qurilmadir. Usiz jahon astronomiyasi elitasiga chiqib bo‘lmaydi, aytgancha, bu sohadagi kashfiyotlarga Nobel mukofotlarini berish bizsiz o‘tayotir.

Agar olimlarimiz shunday vositaga ega bo‘lsa, ko‘p narsa o‘zgaradi. Qolaversa, u shu kabi apparatlar oilasi tarkibiga uni sezilarli to‘ldirgan holda qo‘shiladi. Jahon ilm-fani esa bundan manfaatdor.

Uchta teleskop noyob majmuani tashkil etadi va bundayi dunyoning hech bir yerida yo‘q.

Mana siz Xitoy teleskopi “Suffa”dan ustun deb aytayapsiz. To‘g‘ri, o‘lchami bo‘yicha o‘zib ketishi mumkin, biroq qurilmaning sezgirligini rekord darajaga yetkaza olamiz va bu uning asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

Bizda ushbu muammoni hal etishga qodir bo‘lgan millimetrli diapazonlarning noyob priyomnigi bor. Rekord sezgirlik aynan mana shulardadir.

Bundan tashqari, mazkur uskuna qabul qilish xususiyatlarini oshirish uchun antennaning effektiv o‘lchamini ko‘p marotaba oshirishimiz mumkin. Gap shundaki, O‘zbekistonda koinotni kuzatish uchun qator optik qurilmalar o‘rnatilgan Maydanak platosi joylashgan. Bu yerda ham diametri 10 metrlik uncha katta bo‘lmagan radioteleskop o‘rnatish mumkin. Ular Suffa bilan sinxron ishlagan holda 10 metr ham emas, 70 metr ham emas, balki ikki apparat o‘rtasidagi, ya’ni o‘nlab kilometrlik masofani hosil qiladi. Bu esa ushbu tizimning qabul qilish xususiyatini bir necha barobar ko‘paytirish imkonini beradi.

-Rossiyada xuddi shu diapazonda ishlaydigan yangi “Millimetron” kosmik observatoriyasi paydo bo‘lishi lozim. Unda antennalar o‘lchami juda ulkan bo‘lib ketar ekan-da?

- Ushbu rasadxona 2020 yilda ish boshlashi kerak edi, biroq moliyaviy sabablar tufayli bu ish 2025 yilga qoldirildi. Yerdan million kilometrdan ziyod uzoqlikda bo‘ladigan mazkur teleskop “Suffa” va “Maydanak” bilan birga dunyoda muqobili yo‘q beqiyos kompleksga aylanadi.

Bunday uchlik qanday yangi kashfiyotlarga yo‘l ochishi mumkin?

Masalan, biz gaz, chang-to‘zonli tumanliklarda yulduzlar qanday tug‘ilayotgani, yulduzlararo gaz yig‘ilishi orqali galaktika yadrosi kvazarlari(koinotning uzoq joyidagi kuchli radionurlanish manbalari-tah.)ni ko‘rishimiz, vodorodning dastlabki rekombinatsiyasi davrida paydo bo‘lib, Koinotga tarqalgan issiqlik(kosmik yuqori chastotali) nurlanishning o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etishimiz, hatto, yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarni izlashimiz mumkin.

Ta’kidlashni istardimki, bu xalqaro loyiha bo‘ladi. Teleskopni Rossiya va O‘zbekiston barpo etadi, keyin undan foydalanishga boshqa mamlakatlar astronomlari ham jalb qilinadi.

“Suffa” radioteleskopi foydasiga ishlaydigan yana bir jihatni aytib o‘tmoqchiman. U nafaqat uzoq kosmosni o‘rganish bo‘yicha alohida fundamental, balki amaliy, masalan, yaqin samoni nazorat qilish bo‘yicha masalalarni yecha oladi. Bugungi kunda bu, ayniqsa, dolzarb bo‘lib borayapti.

- Bugungi kunda teleskop qay darajada tayyor? Qurilishni bitkazish qanchaga tushadi?

- Umuman, qurilish bo‘yicha teleskop asosi tayyorligi 50 foizdan ziyod deya baholanayapti. Parabolali ko‘zguning o‘zini, uni sozlash va haroratlarning farqiga moslashish tizimini o‘rnatish lozim.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qurilishni yakunlash uchun qariyb 100 million dollar zarur. Rossiya va O‘zbekiston yaqin vaqt ichida loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashi kerak. Zero, u shu yil kuz faslida ikki davlat yuqori rahbariyati darajasida tasdiqlanadi. Mutaxassislarning fikricha, obyektni jismoniy ishga tushirish uchun 5 yil vaqt ketadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?