Oʻzbekistondagi maktablar soni 34 yilda qanday oʻzgarib bordi?

11:13 24 May 2025 Jamiyat
253 0

2024/2025-oʻquv yilida Oʻzbekistondagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari soni 10 ming 943 taga yetdi. Bu koʻrsatkich 1990/1991-oʻquv yili boshida qayd etilgan 8 ming 333 ta maktabga nisbatan 2 ming 610 taga koʻp boʻlib, keyingi 34 yilda umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi infratuzilmaviy oʻsishni namoyon etmoqda. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.

1990/1991-oʻquv yili boshida 8 ming 333 ta maktab faoliyat yuritgan boʻlsa, 2000/2001 oʻquv yiliga kelib bu raqam 9 ming 726 taga yetgan. 2010/2011-oʻquv yili boshida esa maktablar soni 9 ming 806 tani tashkil etdi. Bu yillarda maktablar soni bosqichma-bosqich koʻpayib borgani kuzatilmoqda.

2020/2021-oʻquv yili boshiga kelib umumiy oʻrta taʼlim muassasalari soni 10 ming 181 taga yetdi. Keyingi yillarda bu raqam yanada ortib, 2021/2022-oʻquv yili boshiga 10 ming 289 ta, 2023/2024-oʻquv yilida esa 10 ming 750 taga yetdi. Bu yillarda davlat tomonidan maktablar qurilishi, taʼmirlanishi va qayta jihozlanishiga katta eʼtibor qaratildi.

2024/2025-oʻquv yili boshida qayd etilgan 10 ming 943 ta maktab — mamlakat taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va infratuzilmaviy rivojlanishning natijasidir. Ushbu oʻsish taʼlim sifatini yaxshilash, bolalarni toʻliq qamrab olish va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?