Oʻzbekistonda zoonoz kasalliklarga qarshi kurash kuchaytirilmoqda

11:22 12 Sentyabr 2024 Jamiyat
222 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan hamkorlikda brutsellyoz kasalligiga qarshi kurash boʻyicha trening tashkil etildi. Ushbu tadbir FAO/USAID umumjahon salomatlik xavfsizligi tashabbusining bir qismi sifatida Oʻzbekistonda inson va hayvonlar salomatligini mustahkamlash, mikroblar rezistentligiga qarshi choralarni kuchaytirish va zoonoz kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.

Trening mashgʻulotlarida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, laboratoriya mutaxassislari va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashrif buyurgan veterinar-epidemiologlar ishtirok etdi. Ular brutsellyoz haqida oʻz bilimlarini kengaytirib, emlash orqali ushbu kasallikning oldini olish haqida kerakli maʼlumotga ega boʻldilar. Seminarning amaliy qismi Toshkent viloyatida joylashgan chorvachilik fermasida davom etib, unda ishtirokchilar qon namunalari olish, kasalliklarga qarshi kurashish va xavfni baholash boʻyicha amaliy koʻnikmalarni qoʻlga kiritishdi.

Maʼlumot uchun, brutsellyoz — hayvonlardan odamga ovqat hazm qilish va nafas olish yoʻllari, yalligʻlangan teri orqali yuqadigan infeksion kasallik. Brutsellyozni qoʻzgʻatuvchi “Brucella” bakteriyasi oʻta chidamli hisoblanadi. U muzlatilgan goʻshtda bir yarim yilgacha, xom va pishmagan goʻshtda 30 kungacha, ayrim pishloqlarda 15—40 kungacha, sutda 3—4 kungacha saqlanishi mumkin. Bakteriyaning chidamliligi uni odamlarda tez-tez qayd etiladigan kasallikka aylantiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?