Oʻzbekistonda virussiz urugʻlik kartoshka yetishtirishga oid loyiha amalga oshirilmoqda

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchilik tizimini yanada rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida virussiz urugʻlik kartoshka yetishtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
— Loyihaning asosiy maqsadi — Oʻzbekistonda import oʻrnini bosuvchi urugʻlik kartoshka yetishtirish boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish, — deydi institut rektori Shavkat Hasanov. — Bu yoʻnalishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mutaxassislarga ilmiy asoslangan tavsiyalar berilib, ularning bilim va malakasi oshirilyapti.
Shu kunga qadar 10 nafar fermer xorijda maxsus oʻquv kurslarida qatnashdi, 6 nafar mutaxassis esa Koreyada malaka oshirib qaytdi. Institut qoshida invitro laboratoriya tashkil etilgan boʻlib, unda sogʻlom kartoshka koʻchatlari tayyorlanmoqda. Shuningdek, gidroponika issiqxonasi va 3 gektar maydonda Nethouse qurilib, yiliga 30 ming dona mikro va minituganaklar yetishtirilmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakat aholisini kartoshka bilan toʻliq taʼminlash uchun yiliga 4,1 million tonna mahsulot hamda 550–600 ming tonna urugʻlik talab etiladi. Hozirgi paytda esa Oʻzbekistonda 3,7–3,8 million tonna kartoshka yetishtirilmoqda. Joriy yilda barcha toifadagi xoʻjaliklarda 286 ming gektar maydonda kartoshka ekish va 3,8 million tonna yalpi hosil olish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 2024-yili Pokiston, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Rossiya, Qirgʻiziston va Erondan isteʼmol uchun 703 ming tonna va urugʻlik uchun 1,2 ming tonna kartoshka import qilingan.
— Oʻzbekiston kartoshka yetishtirish uchun ulkan salohiyatga ega, — deydi Xalqaro bogʻdorchilik instituti menejeri, professor Cho Hyun-Mook. — Tajribalar davomida turli virus va zararkunandalarga kam duch keldik. Bu esa mamlakat yaqin kelajakda kartoshka eksport qilish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring