Oʻzbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organ qaysi?

Oʻzbekiston Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PQ-153-sonli qaroriga muvofiq, axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu qaror bilan mamlakatda kiberjinoyatchilikka qarshi tizimli va qatʼiy yondashuv joriy etilib, huquqni muhofaza qilish sohasidagi masʼuliyatli organlar va moliya muassasalari uchun yangi vazifalar belgilab berildi.
Qarorga asosan, Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi. Bu bilan kiberxavfsizlik sohasidagi ishlar markazlashtiriladi va tizimli nazorat mexanizmlari shakllantiriladi. Shu bilan birga, banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari oʻz kundalik faoliyatida mijozlarning manfaati va moliyaviy xavfsizligini taʼminlashni ustuvor vazifa sifatida amalga oshirishlari lozimligi qayd etildi.
Yangi qarorda kiberjinoyatlarga undashtiruvchi yoki ularni osonlashtiruvchi harakatlarga nisbatan javobgarlik choralari ham kuchaytirildi. Xususan, oʻz nomidagi bank kartasi, SIM-karta, bank hisobraqami yoki elektron hamyonidan kiberjinoyatda foydalanishga yoʻl qoʻygan shaxslar maʼmuriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu orqali nomiga rasmiylashtirilgan qurilmalarni boshqalarga berish bilan bogʻliq xatarlarni kamaytirish koʻzda tutilgan.
Qarorda yana bir muhim yangilik sifatida, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya qilmagan banklar, toʻlov tizimi operatorlari hamda toʻlov tashkilotlari tomonidan keltirilgan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etildi. Bu, oʻz navbatida, moliya muassasalarining axborot tizimlarini yanada mustahkamlashga ragʻbatlantiradi.
Jinoyat qonunchiligidagi yana bir oʻzgarish, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholanishidir. Bu degani, internet yoki raqamli vositalar orqali amalga oshirilgan jinoiy harakatlar uchun muqarrar jazo yanada qattiqroq boʻladi. Qaror, shuningdek, mol-mulk va pul mablagʻlarini noqonuniy jalb etishga doir faoliyatlar uchun belgilangan jazo choralarini ham kuchaytirishni nazarda tutadi.
Umuman, mazkur qaror kiber muhitdagi jinoyatlarning oldini olish, fuqarolar va tashkilotlarning raqamli xavfsizligini taʼminlashda muhim qadam boʻlib, Oʻzbekistonda raqamli transformatsiya jarayonining huquqiy poydevorini yanada mustahkamlaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring