Oʻzbekistonda kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YAIMga nisbatan 1 foizni tashkil etadi. Bu juda kam

17:41 25 Dekabr 2020 Siyosat
1898 0

Ushbu raqamlar bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda «Oʻzbekiston iqtisodiy taraqqiyotida kapital bozorining oʻrni» mavzusida oʻtkazilgan seminarda maʼlum qilindi.

Seminarni ochib bergan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Sharofiddin Nazarov oʻz nutqida mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining yangi bosqichida iqtisodiyot tarmoqlarida tub islohotlar oʻtkazish, raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonini jadallashtirish, davlat aktivlarini boshqarishda bozor tamoyillarini joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 8-yanvardagi “Iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon bilan 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida struktur islohotlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unda davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish hamda davlat iqtisodiy faoliyatini optimallashtirish maqsadida yuridik shaxslar professional birlashmalari (“oʻzini oʻzi nazorat qiluvchi”)ni shakllantirish hisobiga davlat nazoratini qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Shu munosabat bilan, oʻzini oʻzi boshqaradigan tashkilotlarni tashkil etish hamda rivojlantirish masalalari yana-da dolzarblik kasb etmoqda. Oʻzini oʻzi nazorat qiluvchi tashkilotlarni tuzish hamda davlat va biznes ijtimoiy sherikchiligi rolini oshirish iqtisodiyot sohasidagi davlat boshqaruvining oʻziga xos jihati hisoblanadi.

Seminarda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov asosiy maʼruza va prezentatsiya bilan ishtirok etib, kapital bozorining mohiyati va uning mamlakat rivojidagi ahamiyati, istiqboldagi vazifalar va rejalashtirilayotgan islohotlar haqida gapirib berdi.

– Kapital bozori mamlakatimiz iqtisodiyotini moliyalashtirish hamda aholi farovonligini oshirishning asosiy manbalaridan biriga aylanish kerak, – deydi O. Nazirov. – Agarda raqamlarni qiyoslaydigan boʻlsak, bizning kapital bozorimiz xorijiy kapital bozorlar hajmiga qaraganda bir necha baravar kam. Kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YAIMga nisbatan 1 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan davlatlarda esa bu koʻrsatkich 30-60 foiz atrofida boʻlib, rivojlangan davlatlarda 100 foiz va undan ham ortiqni tashkil etadi. Bularning bari bu sohada izchil islohotlar oʻtkazilishini taqozo etadi.

Tadbirda qimmatli qogʻoz turlari, emitentlar, qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional ishtirokchilarning roli, fond birjasi mohiyati, kapital bozori tartibga soluvchisining investorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda moliyaviy savodxonlikni oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

Deputatlar kapital bozori rivojidagi muammolarga eʼtibor qaratdilar. Xususan, qudratli moliyaviy tizimni shakllantirish zarurati haqida gapirib, bunday tizim iqtisodiyotga mablagʻ jalb qilishning asosiy manbai sifatida davlatga boʻlgan bosimni kamaytirish imkonini beradi. Iqtisodiyotning va birinchi navbatda xususiy sektorning barqaror taraqqiyotini taʼminlash uchun mahalliy moliya bozorining yaxlit tizimini shakllantirish lozimligi taʼkidlandi. Iqtisodiy oʻsishni moliyalashtirish uchun kapitalni safarbar qilish va uni samarali taqsimlashga butun moliyaviy bozorni kompleks isloh qilish va oʻzaro muvofiq tarzda rivojlantirish orqaligina erishish mumkinligi koʻrsatildi.

Seminarda 2025-yilga qadar erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar hajmini mamlakat YAIMga nisbatan 10 foizga yetkazish koʻzda tutilgan kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi, shuningdek, islom moliyalashtirish tamoyillari asosida sukuk qimmatli qogʻozlarini chiqarish boʻyicha rejalashtirilayotgan pilot loyiha ham qizgʻin muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida deputatlar kapital bozorini rivojlantirishning qonunchilik bazasini yana-da takomillashtirish, qimmatli qogʻozlar bozori bilan aloqadorlikda moliya bozorini rivojlantirish mexanizmlarini joriy etish, ushbu tizim uchun kadrlarni tayyorlash va ularni sohaga jalb etish lozimligiga eʼtibor qaratdilar.

Seminar yakunida bildirilgan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?