Oʻzbekistonda ilk bor islomiy obligatsiyalar chiqarilishi rejalashtirilmoqda

12:00 24 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
2095 0

Mamlakatda islomiy moliyaviy xizmatlarni joriy etish, buning uchun zarur huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelganligi Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri boʻldi, deya yozmoqda deputat Doniyor Gʻaniyev.

«Islomiy moliyalashtirishni mamlakatimizda joriy etish va rivojlantirishning bir nechta ijobiy natijalarni ham sanab oʻtish mumkin:

Birinchidan, bugungi jadal iqtisodiy rivojlanish jarayonlari va islohotlar olib borilayotgan vaqtda davlat va tadbirkorlar uchun mazkur islohotlarni amalga oshirish va moliyalashtirish uchun moliyaviy resurslar kerak. Ushbu holatda islomiy moliyalashtirish tizimini joriy qilinishi mamlakat rivojlanishi uchun muhim boʻlgan moliyaviy resurslarni jalb qilishda yangi manbaa boʻladi.

Ikkinchidan, oʻzining diniy eʼtiqodidan kelib chiqqan holda anʼanaviy kreditlash va moliya bozorlarida ishtirok etishni istamaydigan koʻplab salohiyatli tadbirkorlarimiz uchun oʻz bizneslarini kengaytirish va rivojlantirish qiyin kechmoqda. Islomiy moliyalashtirish joriy qilinishi esa shu kabi koʻplab tadbirkorlarimizga “halol” moliyalashtirish instrumentlaridan foydalangan holda oʻz bizneslarini rivojlantirishga zamin yaratadi.

Uchinchidan, islom eʼtiqodi sabab oʻz shaxsiy jamgʻarmalarini yoki haj amallari va umra ziyoratlarini ado etish uchun bir necha yillar jamgʻarib borayotgan mablagʻlarini tijorat banklarida omonat koʻrinishida saqlamay kelayotgan, aksiya va obligatsiyalarni xarid qilmayotgan yurtdoshlarimiz ham talaygina. Islomiy moliya tizimi esa mana shu mablagʻlarni ham kapital bozoriga jalb qilishga, ulardan iqtisodiyotimiz rivoji uchun foydalanishga imkon beradi.

Toʻrtinchidan, hozirda dunyo boʻyicha jami islomiy aktivlar qiymati 2,4 trln. AQSH dollardan oshgan boʻlib, kelgusi yillarda bu raqam yuqori suratlarda oʻsib borishi taxmin qilinmoqda. Islomiy avtivlarning katta qismi asosan Malayziya, Eron, Saudiya Arabistoni, BAA kabi davlatlari hisobiga toʻgʻri kelishi hamda mintaqa davlatlarida bu tizim yetarlicha rivojlanmaganligi inobatga olinsa, Islomiy moliya tizimini jadallik bilan joriy etish orqali nafaqat mamlakat moliya bozorini rivojlantirish, balki Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy Islom moliya markaziga aylantirish imkoniyati bor. Bu orqali mamlakat kapital bozoriga Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Rossiya Federatsiyasi musulmonlarining katta hajmdagi jamgʻarma va investitsiyalarini jalb qilish mumkin boʻladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan joriy yil tajriba tariqasida Islom tamoyillariga asoslangan Sukuk obligatsiyalarini (emissiyaviy qimmatli qogʻoz) mamlakatimizda ilk bor joriy etish rejalashtirilmoqda. Hozirda, Agentlik tomonidan Islom Taraqqiyot Bankining texnik koʻmagi asosida Sukuk obligatsiyalarini chiqarish boʻyicha keng qamrovli muhokamalar olib borilmoqda.

Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, islom moliya tizimining rivojlanib borishi uchun mamlakatda sohaga oid mukammal huquqiy asoslar yaratish, kadrlar tayyorlash va aholi moliyaviy savodxonligini oshirish oʻta muhimdir. Misol uchun, aynan mukammal huquqiy asoslar yaratilmaganligi Qozogʻiston va Ozarbayjonda islomiy moliyalashtirish bozori rivojlanishiga asosiy toʻsiq boʻlganligini kuzatish mumkin.

Shu bois, joriy yilda Oliy Majlis palatalari oldida islomiy moliyaga oid zarur huquqiy asoslarni ishlab chiqish vazifasi turibdi. Bunda bir qator qonunlar, jumladan, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish orqali islom moliya tizimi va tushunchasi, moliyalashtirish turlari, uni joriy etish tartibi aniq va mukammal yoritib berilishi talab etiladi.

Umid qilamanki, Islom tamoyillariga asoslangan Sukuk obligatsiyalarini mamlakatimizda tajriba tariqasida joriy etilishi muvaffaqiyatli boʻladi hamda kapital bozorning rivojlanishiga, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi», deydi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер