Oʻzbekistonda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tashkil etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–217-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish
1. Quyidagilar:
(a) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – Ekologiya qo‘mitasi) tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
(v) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
(g) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tizimidagi davlat inspektori maqomiga ega xodimlarga maxsus unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
(d) Ekopolitsiya xodimlarini 2025–2027-yillarda maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha dastur 5-ilovaga muvofiq;
(j) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ekologiya qo‘mitasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi” davlat muassasasi negizida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
(a) Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi;
(b) Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi;
(v) qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, bevosita Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi;
(g) Ekologiya qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
(d) Ekologiya qo‘mitasining joriy faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi rahbarlik qiladi;
(j) Ekologiya qo‘mitasi raisining 4 nafar o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;
(z) Ekologiya qo‘mitasining mansabdor shaxslari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustama va qo‘shimcha to‘lovlar saqlanib qoladi;
(i) Ekologiya qo‘mitasida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni berish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi;
(k) davlat ekologik nazoratini amalga oshiradigan xodimlarning formali kiyim-bosh va farqlash belgilarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
(l) Ekopolitsiya xodimlarini maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
(m) O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi:
(i) direktorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(ii) direktor o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(n) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy bo‘linmalar) rahbarlari Ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(o) hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi;
(p) davlat organlari va tashkilotlari ekologik diplomatiya bo‘limlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini majburiy tartibda Ekologiya qo‘mitasi bilan oldindan kelishadi;
(r) Ekologiya qo‘mitasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va davlat o‘rmon xo‘jaliklari tuzilmalarini (namunaviy tuzilmalarini) tasdiqlash vakolati beriladi.
II. Sohani raqamlashtirish va ekologik ishlab chiqarishga o‘tish
4. Ekologiya qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Yagona ekologik onlayn platforma faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
5. Yagona ekologik onlayn platformaga qo‘yiladigan asosiy talablar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari (keyingi o‘rinlarda – I va II toifadagi korxonalar) 2026 yil 1 martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.
7. 2026-yil 1-martdan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilmagan I va II toifadagi korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini besh baravarga oshirilgan holda qo‘llash tartibi joriy etilsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
(a) 2026-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi;
(b) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi;
(v) Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi;
(g) qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibiga O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.
9. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi. Bunda:
(a) fuqaro davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi;
(b) daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi taqiq qo‘yishga rozilik bildirgan taqdirda, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi;
(v) Kadastr agentligi tegishli yer maydoni xususiy mulk hisoblanmasligi yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini o‘rganib, ijobiy hollarda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonga qo‘yilgan taqiqni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
III. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqaruvini takomillashtirish
10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
(a) Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumdavlat ahamiyatiga ega muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (keyingi o‘rinlarda – tabiiy hududlar) hisoblanadi va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:
(i) tabiiy hududlar boshqaruvi va bo‘ysunuvi bevosita Ekologiya qo‘mitasida bo‘ladi;
(ii) yangi tabiiy hududlarni tashkil etish va mavjud tabiiy hududlar maydonini kengaytirish qonunosti hujjatlari bilan amalga oshirilishi mumkin;
(iii) tabiiy hududlarning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan amalga oshiriladi;
(b) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bog‘lari, buyurtma qo‘riqxonalari, kurort tabiiy hududlar va botanika bog‘lari tashkil etilishi mumkin va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:
(i) boshqaruvi va bo‘ysunuvi tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
(ii) ularning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2026 yil 1 noyabrga qadar 2 tadan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bog‘larini tashkil etsin.
IV. Ekologiya sohasida moliyaviy barqarorlik
12. Ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalar, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladigan tadqiqotlar va amalga oshiriladigan loyihalar dasturlarini moliyalashtirish uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Maxsus jamg‘arma) tashkil etilsin va uning daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) 2025-yilda respublika budjetidan ajratiladigan 900 milliard so‘m;
(b) 2026-yilda respublika budjetidan 8-ilovaga muvofiq tadbirlar uchun maqsadli ajratiladigan 548 milliard so‘m;
(v) 2026-yil 1 yanvardan boshlab:
(i) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tasarruf etiladigan uglerod birliklari savdosi natijasida hosil bo‘ladigan mablag‘larning 20 foizi;
(ii) atrof tabiiy muhitning ifloslantirilganligi va chiqindilarning joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishida aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar, moliyaviy sanksiyalar va pul mablag‘laridan 9-ilovada belgilangan miqdorlardagi ajratmalar;
(iii) transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi;
(g) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun hamda kelgusida yangi joriy etiladigan utilizatsiya yig‘imlarining 100 foizi;
(ii) transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 90 foizi.
13. Belgilansinki, mazkur qarorning 12-bandida nazarda tutilgan utilizatsiya yig‘imlari bo‘yicha daromadlar Davlat budjeti daromadlari tarkibida to‘liq aks ettirilgan holda Maxsus jamg‘armaga o‘tkazib beriladi.
14. Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasining boshqaruv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma kengashi) 10-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. Bunda:
(a) keyingi yillar uchun Maxsus jamg‘arma hisobidan aniq moliyaviy mablag‘lar ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladigan loyihalar dasturi oldindan har yilning noyabr oyida Jamg‘arma kengashida ko‘rib chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi;
(b) Jamg‘arma kengashi Maxsus jamg‘armaga kelib tushgan mablag‘lardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalanishni ta’minlaydi;
(v) Maxsus jamg‘armaning daromadlarini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya rahbari tomonidan belgilanadi.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil yakuniga qadar 2025-yil uchun respublika budjetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun xarajatlarda ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Maxsus jamg‘armaga 900 milliard so‘m mablag‘ ajratsin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda yuridik shaxslarning Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasiga ajratiladigan ixtiyoriy xayriya tarzidagi mablag‘lari hamda yashil bog‘larni barpo qilish va ularni parvarishlash tadbirlari uchun yo‘naltirilgan xarajatlarini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qonun loyihasini kiritsin.
17. Soliq qo‘mitasi Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda “Soliq” mobil ilovasi orqali jismoniy shaxslarga xarid summasining va respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirganlik uchun xarajatlarning respublika budjetidan qaytariladigan qismini ixtiyoriy ravishda daraxt ko‘chatlarini ekishga yo‘naltirish imkoniyatini yaratsin.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
18. Ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring