Oʻzbekiston va Qirgʻiziston notarial palatalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

13:57 08 Iyun 2022 Jamiyat
517 0

Foto: Oʻzbekiston Notarial palatasi matbuot xizmati

Shu kunlarda yurtimizda Qirgʻiziston Respublikasi Notarial palatasi delegatsiyasi mehmon boʻlib turibdi.

Shu oʻrinda, Qirgʻiziston Notarial palatasi haqida ikki ogʻiz soʻz. Qirgʻizistonda Notarial palata jamoat tashkiloti sifatida tashkil qilingan, 2021-yil dekabrdan mamlakatda faoliyat koʻrsatuvchi xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning Palataga aʼzoligi majburiy qilib belgilab qoʻyildi. Qirgʻizistonda 322 nafar xususiy notariuslar bilan bir qatorda 55 nafar davlat notariuslari ham faoliyat koʻrsatadi.

Bugun Oʻzbekiston Notarial palatasida boʻlib oʻtgan tadbirda ikki mamlakat Notarial palatalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

— Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan oʻzaro hamkorlik borasida ikki yildan buyon muloqot olib bormoqdamiz, ularning faoliyatini onlayn kuzatib kelmoqdamiz. Ular bilan bir necha bor xalqaro maydonlarda uchrashganmiz, fikr almashganmiz. Bu yerda notariat sohasiga joriy etilgan muhim yangiliklarni yaqindan oʻrganib, oʻzimizda joriy qilishni maqsad qilganmiz. “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini oʻrganish uchun mutaxassisimiz ham tashrif buyurgan. Bugun kunning yarmida Adliya vazirligida boʻlib, bu borada ham tajriba oʻrganiladi, — deydi Qirgʻiziston notariuslari delegatsiyasi rahbari Damira Alseitova.

— Qirgʻiziston Respublikasi bilan imzolangan memorandumdan maqsad – oʻzaro tajriba almashish, Oʻzbekiston notariatining ilgʻor tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bundan avvalroq Tojikiston Respublikasi notariuslari delegatsiyasi ham faoliyatimizni yaqindan oʻrganib, oʻzlari uchun juda koʻplab muhim yangiliklarni kashf etgan edilar. Qirgʻizistonlik hamkasblarimiz ham Oʻzbekiston notariatidagi islohotlarni ijobiy eʼtirof etishdi, — deydi Oʻzbekiston Notarial palatasining notariat boʻlimi maslahatchisi Saodat Begimova.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimining prezentatsiyasi, Yuristlar malakasini oshirish markazida “Notariat tizimida mediatsiya instituti” mavzusida uchrashuv va tadbirlar oʻtkazilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?