Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 34-yilligi munosabati bilan xorijiy yetakchilardan samimiy qutlovlar kelmoqda

21:20 31 Avgust 2025 Siyosat
173 0

Mamlakatimiz mustaqilligining 34-yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, parlamentlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yirik korporatsiya va kompaniyalar rahbarlari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.

Kelib tushayotgan maktublarda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar strategiyasining natijalari, mintaqada doʻstlik, sheriklik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash, dunyo mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat yuqori baholanmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishilgan yutuqlar, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani alohida qayd etilgan.

Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Mamlakatingizning milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Oʻzbekiston ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, jahon maydonidagi nufuzi tobora ortib bormoqda, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi koʻplab muhim masalalarni hal etishga amaliy hissa qoʻshmoqda.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida jadal rivojlanmoqda. MDH, SHHT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish yoʻlga qoʻyilgan.

Ishonchim komilki, biz bundan buyon ham Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni barcha yoʻnalishlarda har tomonlama rivojlantiramiz. Bu doʻst xalqlarimiz manfaatlariga, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadlariga toʻla mos keladi.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq va muvaffaqiyatlar, barcha yurtdoshlaringizga farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Vladimir Putin,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 34-yilligi munosabati bilan Sizga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Sizning rahbarligingizda Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda, xalqning turmush darajasi yuksalmoqda, mamlakat dadil qadamlar bilan strategik maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari bormoqda. Bu doʻst va qoʻshni, har qanday sharoitda strategik sherik sifatida Xitoyni behad quvontiradi.

Joriy yil iyun oyida Ostonada boʻlib oʻtgan uchrashuvimizda ikki mamlakatning har tomonlama hamkorligi boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha yangi reja tuzildi. Siz bilan siyosiy oʻzaro ishonchni uzluksiz chuqurlashtirish, bir-birimizni qatʼiy qoʻllab-quvvatlash, rivojlanish strategiyalarining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash, “Bir makon, bir yoʻl”ni birgalikda sifatli barpo etish boʻyicha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyorman.

Oʻzbekiston Respublikasiga kuch-qudrat va ravnaq, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

 

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Amerika Qoʻshma Shtatlari xalqi nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga mamlakatingiz mustaqilligining 34-yilligi munosabati bilan eng ezgu tilaklarimizni yoʻllayman. Bu uning tarixi va boy madaniyatini eslash uchun quvonchli sababdir.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon mamlakatlarimiz oʻrtasidagi jadal strategik sheriklikka hissa qoʻshadigan muhim islohotlarni davom ettirmoqda. Biz umumiy manfaatlarimizni ilgari surish, jumladan, chegaralarimizni mustahkamlash, ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish, diniy erkinlik va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash yoʻlida birgalikda salmoqli ishlarni amalga oshirdik.

Qoʻshma Shtatlar mavjud aloqalarni mustahkamlash va oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochishga umid qilmoqda. Sizga va fuqarolaringizga Mustaqillik bayrami munosabati bilan baxt-saodat va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Hurmat bilan,

 

Donald Tramp,

Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qozogʻiston xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va barcha yurtdoshlaringizni Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu tarixiy sana qardosh Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlidan dadil, izchil rivojlanib borayotganining yorqin ramzidir. Qozogʻiston Sizning hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan chuqur oʻylangan, keng koʻlamli islohotlaringizni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

Sizning kuchli va obroʻli rahbarligingizda Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro maydonda milliy manfaatlarni himoya qilish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi.

Qozogʻiston Oʻzbekistonning strategik sherigi va ishonchli ittifoqchisi sifatida mamlakatingiz bilan koʻp qirrali davlatlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirishga alohida ahamiyat qaratadi.

Ishonchim komilki, Qozogʻiston – Oʻzbekiston munosabatlari bundan buyon ham qardosh xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlik manfaatlari yoʻlida koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash ruhida jadal rivojlanib boraveradi.

Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 34-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Mustaqillik har bir davlatning oʻz yoʻlini tanlashi va xalq farovonligi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi uchun imkoniyatdir. Oʻzbekiston bu imkoniyatdan unumli foydalanib, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallab kelayotgani quvonarlidir.

Bugungi kunda Oʻzbekiston barcha asosiy tarmoqlarda, ayniqsa, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarda barqaror va ishonchli rivojlanmoqda.

Bu muvaffaqiyatlar Sizning boy tajribangiz va ajoyib yetakchiligingiz natijasidir.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik barqaror rivojlanib borayotganini alohida qayd etmoqchiman.

Ishonchim komilki, qardosh xalqlarimiz oʻrtasida qaror topgan yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlar yangi bosqichga koʻtariladi, Qirgʻiziston bilan Oʻzbekistonning har tomonlama hamkorligi bundan buyon ham izchil rivojlanib boraveradi.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Sadir Japarov,

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Qadrli Shavkat Miromonovich!

Mamlakatingiz milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va birodar Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarimiz va eng ezgu tilaklarimizni yoʻllash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Oʻzbekiston oʻzining har tomonlama rivojlanish yoʻlida ulkan natijalarga erishib, xalqaro maydonda katta obroʻ-eʼtibor qozongani quvonarlidir.

Tojikiston eng yaqin qoʻshnisining yutuqlaridan xursand va unga oʻzining ishonchli hamkori sifatida qaraydi.

Biz Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iliq, doʻstona, yaxshi qoʻshnichilik hamda sermazmun munosabatlarni qadrlaymiz va ularga alohida ahamiyat beramiz.

Oʻzbekiston bilan hamkorlikning izchil rivojlanib borayotgani Tojikiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari orasida muhim oʻrin tutadi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlari har tomonlama rivojlanayotgani va kengayib borayotganidan mamnunmiz.

Ishonchim komilki, umumiy chora-tadbirlar bilan barcha salohiyatli imkoniyatlarni toʻliq ishga solamiz va mamlakatlarimiz farovonligi yoʻlida oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishamiz.

Biz, oʻz navbatida, xalqlarimiz farovonligi yoʻlida tomonlar hamkorligining ijobiy dinamikasini mustahkamlash uchun bundan buyon ham birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga tayyormiz.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom taraqqiyot tilayman.

Katta hurmat bilan,

 

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan, shuningdek, shaxsan oʻz nomimdan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga mamlakatingiz Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash sharafiga muyassarman.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda taraqqiyot va ravnaq yoʻlidan dadil bormoqda. Yaqin qoʻshnimizning yutuqlaridan xursandmiz.

Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hozirgi ikki tomonlama munosabatlar konstruktiv va barqaror xususiyatga ega ekanini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Ular eng keng doiradagi yoʻnalishlar boʻyicha rivojlanmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Turkmaniston – Oʻzbekiston qardoshlik munosabatlari xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yanada rivojlanib, mustahkamlanib borishiga qatʼiy ishonaman.

Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman!

Chuqur hurmat bilan,

 

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Mamlakatingiz Mustaqilligi kuni munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqaro maydonda munosib obroʻ-eʼtibor qozondi, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda konstruktiv rol oʻynamoqda.

Yaqinda “Avaza” milliy sayyohlik zonasida “Turkmaniston – Ozarbayjon – Oʻzbekiston” oliy darajadagi uchrashuvi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvimizni alohida mamnuniyat bilan eslayman. Unda tomonlarning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni izchil kengaytirish va mustahkamlashga intilishi yana bir bor tasdiqlandi.

Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va farovonlik, qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

 

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qadrli qardoshim!

Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan shaxsan oʻz nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman.

Bugun biz qardosh mamlakat sifatida mamlakatingiz Siz belgilab bergan Yangi Oʻzbekiston strategiyasi asosida jadal va har tomonlama rivojlanayotgani, barcha sohalarda taraqqiyotga erishilayotgani, iqtisodiy salohiyat mustahkamlanib, global miqyosda obroʻ-eʼtibor va oʻrningiz yuksalib borayotganini quvonch bilan kuzatmoqdamiz. Oʻzbekiston erishayotgan barcha yutuqlar Sizning koʻp qirrali faoliyatingiz, uzoqni koʻzlagan siyosatingiz, Vatan va xalq oldidagi sharafli xizmatingiz natijasidir.

Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlari tarixi, tili va madaniyati mushtarak boʻlgan xalqlarimiz oʻrtasida qaror topgan yaxshi qardoshlik aloqalarini yaqqol aks ettiradi.

Davlatlararo munosabatlarning izchil rivojlanishida oʻzaro tashriflar va oliy darajadagi uchrashuvlar muhim oʻrin tutadi. Sizning iyul oyida Ozarbayjonga davlat tashrifingiz ikki tomonlama munosabatlarimizning ittifoqchilik xususiyatini yana bir bor tasdiqladi. Ishonchim komilki, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning keyingi yoʻnalishlari boʻyicha erishilgan muhim kelishuvlar, shuningdek, turli sohalarda, ayniqsa, iqtisodiy sheriklikni diversifikatsiya qilish boʻyicha imzolangan hujjatlar hamkorligimiz koʻlamini kengaytirish, ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan kun sayin yangi mazmun bilan boyib borayotgan qardosh Oʻzbekiston bilan hamkorligimizni, ayniqsa, iqtisodiyot va savdo, energetika, investitsiyalar, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalaridagi aloqalarimizni bundan buyon ham kengaytirishga qatʼiy qaror qilganmiz. Oʻzaro anglashuv va ishonchning yuqori darajasi buning uchun qulay zamin yaratadi.

Ishonchim komilki, Ozarbayjon va Oʻzbekistonning birodarligi bundan buyon ham barcha qoʻshma tashabbuslarimizni roʻyobga chiqarishda muhim oʻrin tutib, mamlakatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Hurmatli qardoshim!

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizni yana bir bor samimiy tabriklab, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Sizni bosh bayramingiz – Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizning rahbarligingizda mamlakatingiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidan dadil bormoqda, mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni hal etishda faol ishtirok etmoqda, jahon maydonidagi oʻrnini mustahkamlamoqda.

Minsk va Toshkent birodarlik rishtalari bilan chambarchas bogʻlangan, turli yoʻnalishlarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Sheriklikning bugungi darajasi bizga uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqish, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash imkonini bermoqda.

Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama konstruktiv munosabatlarni xalqlarimiz farovonligi yoʻlida koʻp asrlik doʻstlik va mustahkam ishonch ruhida izchil rivojlantirishda davom etamiz.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Aleksandr Lukashenko,

Belarus Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim!

Siz, Janobi Oliylariga va qardosh oʻzbek xalqiga Mustaqillik bayrami munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni izhor etaman.

Mustaqillikka erishilgan kundan bugunga qadar oʻtgan 34-yillik vaqt davomida doʻst va qardosh Oʻzbekiston, ayniqsa, Sizning rahnamoligingizda xalqaro mavqeyini barqaror ravishda mustahkamlab, yanada farovon va yanada obod mamlakatga aylanib borayotganidan biz ham faxrlanamiz.

Mushtarak insoniy rishtalarimizdan quvvat oluvchi oʻziga xos munosabatlarimiz ikki tomonlama darajada va koʻp tomonlama platformalarda, ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kundan-kunga rivojlanib borayotganidan mamnunmiz.

Oʻz navbatida, kelgusida oʻtkaziladigan Oliy darajadagi Oʻzbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashi yigʻilishi munosabati bilan goʻzal mamlakatingizga tashrif buyurishni intiqlik bilan kutmoqdaman.

Fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir bor samimiy qutlagan holda, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh oʻzbek xalqiga esa omonlik va farovonlik tilab qolaman.

 

Rejep Tayyip Erdogʻan,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari, hurmatli birodarim!

Hindiston xalqi va Hukumati nomidan Sizga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga mamlakatingiz Mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Oʻtgan yil oktyabr oyida Qozon shahrida boʻlib oʻtgan BRIKS sammiti doirasidagi sermahsul va konstruktiv uchrashuvimizni iliqlik bilan eslayman. Hindiston Oʻzbekiston bilan har tomonlama va oʻzaro manfaatli strategik sherikligimiz uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotgan tarixiy va madaniy doʻstlik rishtalarini yuksak qadrlaydi. Yillar davomida hamkorligimiz barcha sohalarda, jumladan, mudofaa, savdo, iqtisodiyot, taʼlim, madaniyat va gumanitar aloqalarda kengayib bordi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam sheriklik bundan buyon ham xalqlarimiz manfaati yoʻlida mustahkamlanib borishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sogʻliq, muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga esa farovonlik va yanada ravnaq tilayman.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

 

Narendra Modi,

Hindiston Respublikasi Bosh vaziri

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga va doʻst oʻzbek xalqiga eng samimiy tabriklarimni, yurtingizga esa yanada taraqqiyot va farovonlik tilash menga katta mamnuniyat baxsh etadi.

Fursatdan foydalanib, Misr Arab Respublikasi Oʻzbekiston bilan oʻrnatgan oʻziga xos munosabatlarga katta ahamiyat qaratayotganini qayd etib, hamkorligimiz yoʻnalishlarini ikki doʻst xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida turli sohalarda yanada mustahkamlashni davom ettirishga sodiqligimni taʼkidlayman.

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, Sizga sogʻliq-salomatlik va davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa bardavom farovonlik va ravnaq tilab qolaman.

Yuksak hurmat va ehtirom ila,

 

Abdulfattoh as-Sisi,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Siz, Janobi Oliylarini, doʻst va qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqini mamlakatingiz Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Madaniy mushtaraklik, oliy martabali delegatsiyalar almashinuvi oʻzaro aloqalarimizni kengaytirish va davom ettirishda muhim rol oʻynadi. Umid qilamanki, birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida biz oʻzaro manfaatlarga mos ravishda munosabatlarning tobora kengayib borayotganiga, mintaqaviy va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikni rivojlantirishga guvoh boʻlamiz.

Alloh taolodan Janobi Oliylariga sogʻliq va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga esa farovonlik va baxt-saodat tilayman.

 

Masʼud Pezeshkiyon,

Eron Islom Respublikasi Prezidenti

* * *

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Sizni va birodar Oʻzbekiston Respublikasi xalqini qutlugʻ bayram – Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Pokiston va Oʻzbekistonni azaldan mushtarak eʼtiqod, tarix, madaniyat va merosga ega birodarlik rishtalari bogʻlab turadi. Ushbu chuqur aloqalar har ikki tomonning dono rahbarligi va qatʼiy sadoqati tufayli yangicha tus olayotganini kuzatish biz uchun alohida mamnuniyat manbai hisoblanadi.

Yaqinda mamlakatlarimiz munosabatlari tarixiy bosqichga koʻtarilib, muhim mexanizm – oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi tuzildi. Ushbu yutuqdan kelib chiqib, koʻp yillik doʻstligimizni oʻzaro manfaatli strategik va koʻp qirrali sheriklik darajasiga koʻtarishda Siz bilan yaqindan hamkorlik qilishga umid qilaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistondagi birodarlarimizga esa bardavom tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

 

Shahboz Sharif,

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Prezident janoblari!

Sizni va Oʻzbekiston xalqini milliy bayram – Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Joriy yil 24-iyul kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotimizda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqlaganimizni mamnuniyat bilan taʼkidlayman.

Ishonchim komilki, bunday oʻzaro anglashuv, shuningdek, Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida koʻp yillar davomida shakllangan mustahkam ishonch tufayli hamkorligimizning “Alohida strategik sheriklik” maqomi yanada mustahkamlanadi. Faol almashinuvlar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga aminman.

Kelgusi yilda Koreya Respublikasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Koreya – Markaziy Osiyo” sammiti hamda boshqa xalqaro tadbirlar doirasida oʻzaro manfaatli va doʻstona hamkorligimizni yanada mustahkamlash boʻyicha sermazmun va samarali muloqot oʻtkazish uchun Siz, Prezident janoblari bilan shaxsan uchrashish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdaman.

Oʻzbekiston Respublikasiga tinchlik va barqaror taraqqiyot, Sizga, muhtaram Prezident, mustahkam sogʻliq, Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

 

Li Chje Myon,

Koreya Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Yevropa Ittifoqi nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni yoʻllamoqchiman.

Bu sana nafaqat mamlakatingiz suvereniteti bayrami, balki xalqingiz matonati va intilishlaridan dalolatdir. U Oʻzbekiston erishgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va mamlakatingiz oʻrtasida oʻrnatilgan mustahkam doʻstona aloqalarni eʼtirof etish imkonini beradi.

Bizning sherikligimiz, shubhasiz, yangi bosqichga koʻtarildi, barcha sohalarda, shu jumladan Sizning yetakchiligingiz ostida sermahsul va koʻp qirrali hamkorlik bilan ajralib turadi. Joriy yil aprel oyida Samarqandda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvimiz, shuningdek, oʻzbek xalqining mehmondoʻstligini his etish baxtiga muyassar boʻlganim haqida ajoyib xotiralar saqlanib qolgan.

Siz bilan 2025-yil 24-oktyabr kuni Bryusselda boʻlib oʻtadigan uchrashuvni intiqlik bilan kutaman, u yerda Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi munosabati bilan fikr almashishni davom ettirish imkoniga ega boʻlamiz.

Fursatdan foydalanib, Sizga, Janobi Oliylari, yana bir bor yuksak ehtiromimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Samimiyat ila,

 

Antoniu Koshta,

Yevropa kengashi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Prezident janoblari!

Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va oʻzbek xalqiga samimiy tabriklarimni yoʻllayman.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar mustahkam sheriklik xususiyatiga ega. Oʻtgan yili ham ular rivojlanishda davom etganini taʼkidlashdan mamnunman. Germaniyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik mintaqaviy sherikligi, shuningdek, imzolangan Migratsiya va harakatlanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim ikki tomonlama hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish yoʻlida yangi yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Rahbarligingizda amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatida Sizga katta muvaffaqiyatlar tilayman va Germaniya bundan buyon ham ishonchli hamkor sifatida Sizni qoʻllab-quvvatlashiga ishontirib aytaman. Barqaror, farovon va demokratik Oʻzbekiston butun mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega.

Prezident janoblari, mening eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz, Oʻzbekiston xalqiga esa erkinlik, xavfsizlik va farovonlikka asoslangan tinch kelajak tilayman.

 

Frank-Valter Shtaynmayer,

Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Prezident janoblari!

Mustaqillik bayrami munosabati bilan shaxsan oʻz nomimdan va Italiya Respublikasi nomidan Sizni samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik hamkorlikni kengaytirish oʻzaro manfaatlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Ishonchim komilki, bu jarayon turli sohalarni qamrab olib, boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlarda erishilgan natijalarga yangi surʼat bagʻishlaydi va koʻplab qoʻshma loyihalarda oʻz ifodasini topadi.

Toshkent va Rim oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli ikki tomonlama muloqot mintaqaviy hamkorlik orqali ham yanada rivojlanmoqda. Bugungi kunda “Italiya – Markaziy Osiyo” formati tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash uchun oʻziga xos maydon boʻlib xizmat qilmoqda.

Umid qilamanki, mamlakatingizning Yevropa Ittifoqi bilan tobora chuqurlashib borayotgan munosabatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlangan tamoyillarga sodiqlik, xalqaro tartib meʼyorlari va qoidalariga rioya qilish bilan birgalikda ushbu yuksak maqsadlarga erishishga olib keladi.

Fursatdan foydalanib, Sizga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga yana bir bor farovonlik va ravnaq tilayman.

 

Serjo Mattarella,

Italiya Respublikasi Prezidenti

* * *

 

Quyidagilar ham oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan,

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad ibn Salmon Ol Saud,

Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardariy,

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident Administratsiyasi rahbari Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev,

Irlandiya Respublikasi Prezidenti Maykl Xiggins,

Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,

Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar,

Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini,

Latviya Respublikasi Prezidenti Edgars Rinkevichs,

Chernogoriya Respublikasi Prezidenti Yakov Milatovich,

Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel,

Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Karin Keller-Zutter,

Estoniya Respublikasi Prezidenti Alar Karis,

Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili,

Bosniya va Gersegovina Prezidiumi Raisi Jelko Komshich,

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz III,

Yaponiya Imperatori Naruxito,

Belgiyaliklar Qiroli Filipp,

Ispaniya Qiroli Filipp VI,

Marokash Podshohi Muhammad VI,

Kambodja Podshohi Norodom Siamoni,

Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux,

Singapur Respublikasi Prezidenti Tarman Shanmugaratnam;

Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Liong Kiong,

Tailand Podshohligi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtxam Vechayachay,

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,

Afgʻoniston Bosh vaziri Muhammad Xasan Ohund,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlanbek Yermekbayev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi bosh kotibi Sergey Lebedev,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Xon,

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibroxim Toha,

Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti bosh direktori Salim al-Malik,

BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dunyuy.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер