Oʻzbekiston — Qozogʻiston: Parlamentlararo hamkorlik Kengashini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolandi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati
Xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Qozogʻiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
2022-yil 9-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuv chogʻida azaliy qardosh oʻzbek va qozoq xalqlarining oʻtmishi va buguni, orzu-niyatlari hamda intilishlari oʻxshash ekani, bunda ikki davlatning oʻzaro ishonch, yaqin doʻstona munosabatlarga asoslangan hamkorligi muhim rol oʻynayotgani alohida taʼkidlandi.
Mamlakatlarimiz Prezidentlarining doimiy tarzda amalga oshirilayotgan oʻzaro tashriflari, samimiy uchrashuv va muloqotlari xalqlarimizning vaqt sinovidan oʻtgan doʻstona munosabatlariga yangicha ruh bagʻishlab kelmoqda.
Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish haqida gapirar ekan, mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻlgani, barcha sohalardagi hamkorlikni barqaror rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratilganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Oʻzbekiston — Qozogʻiston ittifoqchilik munosabatlari va integratsiya aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan hissasini qadrlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hamda Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Majilisi Raisi Ye.Koshanov parlamentlararo hamkorlik Kengashini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzoladi.
Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston — Qozogʻiston oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring