Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi vakillari Jeneva shahrida turli mavzudagi debatlarda, sessiyalarda ishtirok etmoqda

19:17 22 Oktyabr 2025 Siyosat
325 0

Ilgari xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Jeneva shahrida boʻlib turibdi. Delegatsiya aʼzolari Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasi doirasida turli mavzudagi debatlar va sessiyalarda ishtirok etmoqda.

Jumladan, Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oral Ataniyazova BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi” mavzusidagi seminarda ishtirok etdi.

Muhokama chogʻida FAOning yillik hisoboti maʼlumotlari taqdim etildi, unga koʻra ochlikka qarshi kurashish va oziq-ovqat taʼminoti masalalari hamon dolzarbligicha qolmoqda. Dunyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham erishilgan yutuqlarga qaramay, Barqaror rivojlanish maqsadlariga, ayniqsa, toʻyib ovqatlanmaslikning barcha shakllariga barham berishga qaratilgan vazifalarga erishish uchun jahon hamjamiyati katta ishlarni amalga oshirishi lozimligi taʼkidlandi.

Ishtirokchilar sogʻlom ovqatlanish gʻoyalarini ilgari surish, taʼlim muassasalarida ovqatlanish sifatini yaxshilash, shuningdek, yoshlikdan toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini shakllantirishda parlament aʼzolarining muhim rolini taʼkidladi.

Shu bilan birga, senator iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va tamaki isteʼmol qilishga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan sessiyalarda ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?