Oʻzbekiston – Ozarbayjon doʻstlik muzeyi ochildi
Poytaxtimizdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida Oʻzbekiston – Ozarbayjon doʻstlik muzeyining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga amaliy tashrifi arafasida tashkil etilgani alohida maʼno-mazmunga ega. Unda Madaniyat va turizm vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, muzeylar vakillari, tarixchi olimlar, shoir va yozuvchilar, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Marosimda soʻz olganlar taʼkidlaganidek, oʻzbek va ozar xalqlarining oʻzaro aloqalari chuqur tarixiy ildizlarga borib taqaladi. Ikki qardosh elning tili, urf-odat va anʼanalari bir-biriga oʻxshash. Mana shunday doʻstlik rishtalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning saʼy-harakatlari bilan yangi bosqichga koʻtarildi.
Ozarbayjonda oʻzbek adabiyotining mumtoz vakili, shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy ijodiga katta qiziqish va hurmat bilan qaraladi. Boku shahrida buyuk oʻzbek mutafakkirining haykali oʻrnatilgan. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy va ozar adabiyotining boshqa mumtoz vakillari ijodining ixlosmandlari koʻp.
Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Xalqaro maqom sanʼati anjumani va boshqa tadbirlarda Ozarbayjon vakillari, shuningdek, mazkur davlatda tashkil qilinadigan mugʻom sanʼati boʻyicha festival va boshqa anjumanlarda oʻzbek sanʼatkorlarining ishtirok etishi anʼanaga aylangani oʻzaro madaniy aloqalar mustahkamligidan dalolat beradi. Sayyohlik yoʻnalishida ham oʻzaro bordi-keldilar muntazamlik kasb etmoqda.
Oʻzbekiston – Ozarbayjon doʻstlik muzeyida ikki davlat oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni aks ettiruvchi suratlar, davlatlar ramzlari, qadimiy va zamonaviy inshootlar maketlari, madaniy meros namunalari, liboslar, cholgʻu asboblari oʻrin olgan.
Marosim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Feruza Abdurahimova rahbarligidagi “Soʻgʻdiyona” oʻzbek davlat xalq cholgʻulari kamer orkestri tomonidan ikki xalq doʻstligiga bagʻishlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring