Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat - Keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya imzolandi

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux oʻtkazilgan muzokaralar natijalariga doir fikrlarini bayon qildilar.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqining boshida doʻst Moʻgʻuliston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram - Xalq inqilobi kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
- Moʻgʻulistonlik doʻstlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi eʼtiborga loyiq muvaffaqiyatlari va yutuqlaridan chin dildan xursandmiz, sizning tinchliksevar tashqi siyosatingizni toʻla qoʻllab-quvvatlaymiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Bugungi kunda Moʻgʻuliston iqtisodiyoti barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Mamlakatda sanoat tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma modernizatsiya qilinmoqda. Qoraqurum shahrini keng koʻlamli rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Izchil, pragmatik va faol siyosat tufayli mamlakatning xalqaro nufuzi oshmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining Moʻgʻulistonga ilk tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari rivojida tarixiy voqea boʻlgani alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat - Keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya imzolanganini taʼkidladi.
Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikning barcha asosiy masalalari va istiqbolli yoʻnalishlari atroflicha koʻrib chiqilgani, kelajakka moʻljallangan aniq vazifa va rejalar belgilab olingani aytildi.
2024-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan sammitdan soʻng barcha yoʻnalishlarda aloqalar faollashgani qayd etildi. Joriy yil fevral oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Prezidentining soʻzlariga koʻra, muzokaralarda asosiy eʼtibor iqtisodiy hamkorlikka qaratildi. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali bir necha barobar oshirish vazifalari belgilandi. Ulan-Batorda koʻrgazma zaliga ega boʻlgan Oʻzbekiston savdo uyi ochilishi bu ishlar uchun amaliy asos boʻlishi taʼkidlandi.
Tashrif arafasida Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston tadbirkorlarining biznes forumi va uchrashuvlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, yangi shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlat rahbarlari bundan buyon ham tadbirkorlik uchun barcha sharoitlarni yaratish va ularning ishbilarmonlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar.
Shu munosabat bilan imtiyozli savdo va investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitimlarni eng qisqa muddatlarda qabul qilishga kelishildi.
Bundan tashqari, muzokaralar chogʻida ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini samarali toʻldirishi mumkin boʻlgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yoʻnalishlari belgilab olindi.
Jumladan, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, yengil sanoatda hamkorlik, jumladan, jun, terini chuqur qayta ishlash va koʻplab boshqa yoʻnalishlarda loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatlar sifatida ekspertlarni keng jalb qilgan holda samarali transport yoʻnalishlarini birgalikda rivojlantirishga kelishib olindi. Joriy yilning kuzidan poytaxtlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi qayd etildi.
Madaniyat, taʼlim va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishildi. Shu kunlarda Ulan-Batorda Oʻzbekiston madaniyati kunlari, ikki mamlakat sayyohlik tashkilotlarining uchrashuvlari oʻtkazilmoqda.
Tomonlar muntazam ravishda oʻzaro konsertlar, koʻrgazmalar, kino namoyishlari uyushtirish, festivallarda ishtirok etishga kelishib oldilar.
Shuningdek, davlatimiz rahbari ajratilayotgan kvotalar doirasida moʻgʻulistonlik yoshlarning Oʻzbekistondagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishini qayta yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi taʼkidlandi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari Moʻgʻuliston Prezidentini rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etganini maʼlum qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring