Oʻzbekiston koʻmagida Mozori-Sharif xalqaro aeroporti qayta tiklandi
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, «Oʻzaviatsiya» agentligi, «Oʻzaeronavigatsiya» markazi DUK, “Uzbekistan Airports” AJ, “Oʻzgidromet” vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Afgʻonistonda Mavlono Jaloliddin Balxiy nomidagi Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash boʻyicha texnik yordam koʻrsatish jarayoni yakuniga bagʻishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Oʻzbekiston qoʻshni Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga, transport va energetika infratuzilmasini shakllantirishga ulkan hissa qoʻshmoqda. Ikki mamlakat oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishda koʻrsatilgan texnik yordam shunday tashabbuslarning yana bir yorqin namunasi boʻldi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan, oʻtgan yil Transport vazirligi, «Oʻzaviatsiya» agentligi, «Oʻzaeronavigatsiya» markazi DUK, “Uzbekistan Airports” AJ, “Oʻzgidromet” vakillaridan iborat Idoralararo komissiya tomonidan Mazori-Sharif xalqaro aeroportining texnik holati oʻrganilgan va zarur amaliy chora-tadbirlar belgilangan edi.
Afgʻonistonning Balx viloyati Mozori-Sharif shahrida boʻlib oʻtgan anjumanda aeroport faoliyatini tiklash boʻyicha texnik yordam koʻrsatish loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilgani, qisqa vaqt ichida aeroport haftasiga 4 ta mahalliy va 1 ta xalqaro havo qatnoviga xizmat koʻrsata boshladi.
Eʼtirof etish joiz, bu yerda oʻtgan davr mobaynida respublikamizning tegishli vazirlik, idoralari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, havo harakatiga xizmat koʻrsatish, parvozni radiotexnik jihatdan taʼminlashga erishildi.
Texnik taʼminlash yoʻnalishi boʻyicha Mozori-Sharif aerodromining uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi, havo kemalari uchun burilish yoʻlaklari va toʻxtab turish joylaridagi belgilar boʻyogʻi toʻliq yangilangan. Qolaversa, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududning elektr va yorugʻlik-texnik taʼminoti zamonaviy talab darajasiga keltirilgan.
Afgʻon tomoni vakillari birodarlik rishtasini mustahkamlashga asoslangan mazkur tashabbusni Oʻzbekiston tomonidan qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona, oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatning mantiqiy davomi, deya qabul qilinishini taʼkidladilar.

– Avvalo, mehmondoʻst, afgʻon zaminining jafokash xalqiga har doim yelkadosh boʻla oladigan Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildiraman, – dedi Afgʻoniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sher Muhammad Abbos Stanakziy. – Mamlakatingiz rahbarining Afgʻonistonda vaziyatni barqarorlashtirish, xavfsizlikni taʼminlash, tinchlik muzokaralarini ilgari surish borasidagi saʼy-harakatini yuqori baholayman. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tamomila foydalanishdan chiqqan Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyati qayta tiklandi. Uchish-qoʻnish yoʻlaklari mukammal taʼmirlandi. Masofaviy boshqarish tizimi ishga tushirildi. Aeroportining tashqi elektr taʼminoti tubdan yaxshilandi.
Shuningdek, tadbirda aeroportning qurilishi tugallangan obyektlarini foydalanishga topshirish va faoliyatni tiklash uchun zarur jihozlarni qabul qilib olish hujjati imzolandi.
Oʻtgan bir yil mobaynida Oʻzbekiston aeroportlarida faoliyat yuritayotgan yetuk mutaxassislar Afgʻonistonning mazkur aeroportiga jalb qilindi. Ularning yordami bilan aeroportning uchish-qoʻnish, burilish yoʻlaklari, havo kemasi turargohlaridagi mavjud nuqsonlar, kamchiliklar bartaraf etildi.
Uchish-qoʻnish yoʻlagining yoritish-signal moslamalari ham taʼmirlandi. Natijada aeroport tungi paytda ham, noqulay ob-havo sharoitida ham parvozlarni qabul qila olish imkoniga ega boʻldi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, kuz va qish mavsumiga toʻliq tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatildi.
Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring