“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qishloq va suv xoʻjaligi hamda ekologiya yoʻnalishlari muhokama qilindi

17:39 21 Yanvar 2026 Jamiyat
320 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qishloq va suv xoʻjaligi hamda ekologiya yoʻnalishlarida belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari koʻrib chiqildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Muhokamada senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, doimiy komissiya raislari, Qoʻmita Ekspertlar kengashi aʼzolari, tegishli idoralar masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muhokama jarayonida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, ekologik muammolarni bartaraf etish, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishni jadallashtirish, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha belgilangan maqsadlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Taʼkidlanganidek, Strategiyada “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini, qishloq xoʻjaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish hamda irrigatsiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soha boshqaruviga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish kabi aniq maqsad va vazifalar koʻzda tutilgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Xususan, har bir gektardan olinadigan oʻrtacha daromadni 5 ming dollarga, qishloq xoʻjaligi sohasida eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga, hosildorlik koʻrsatkichlarini paxta boʻyicha oʻrtacha 45-50 sentnerga, gʻalla boʻyicha 90-100 sentnerga yetkazish nazarda tutilgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Suv xoʻjaligida obyektlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berishni 2012 taga yetkazish, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, ularning elektr energiyasi isteʼmolini keskini kamaytirish, suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalari bilan taʼminlash darajasini 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan hajmini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami energiya generatsiyasi (isteʼmoli)dagi ulushini 54 foizga yetkazish, shaharlar hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishini taʼminlash, shuningdek aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan respublika boʻyicha umumiy yashil maydonlar hajmini 37,5 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatorlar muhokama jarayonida iqlim oʻzgarishi salbiy taʼsirining oldini olish hamda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?