“Oʻzbekenergotaʼmir” AJ elektr stansiyalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlashda faol ishtirok etmoqda
Mazkur korxona mamlakat energetika sektorida muhim ahamiyatga ega. Bu yerda issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini qishki mavsumga tayyorlash, energoobyektlarning barqaror faoliyatini taʼminlash, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliy sharoitlarda ishlab chiqarishni joriy etishga oid yirik loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Yurtimiz taraqqiyotining dastlabki bosqichida elektr energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari asosan xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan. Sohani liberallashtirish, erkin bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilayotgan saʼy-harakatlar natijasida bugun tizimga mahalliy, raqobatbardosh investor kompaniyalar qatorida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ faoliyat olib bormoqda.

Korxonada jahonga mashhur energetika kompaniyalarining shef-injenerlarini jalb qilgan holda, oʻquv amaliyotlari, tajriba almashish kurslari natijasida yuqori malakali mahalliy mutaxassislar guruhi shakllantirildi, natijada bugun 2 yarim mingga yaqin texnik mutaxassislar elektr stansiyalarining barqaror faoliyat yuritishiga hissa qoʻshib kelmoqda.
Joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ issiqlik elektr stansiyalaridagi 53 ta energo qurilmani mavsumga hozirlash maqsadida mukammal, oʻrta va joriy taʼmirlash ishlarini bosqichma-bosqich olib bormoqda.

Jumladan, mamlakatimiz energetika tizimida yirik elektr stansiyalari hisoblanuvchi Toshkent va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida ham bu borada yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu yerda zamonaviy energoqurilmalar qatorida anʼanaviy energobloklarni modernizatsiya qilish, ularni raqamlashtirish va ishlab chiqarishda yoqilgʻi sarfini kamaytirish boʻyicha ishlar yakuniga yetkazildi.
Toshkent issiqlik elektr stansiyasining 9-son energoblokida mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Xususan, taʼmir ishlari davomida energoblokning qozon qurilmasi, turbinaning yuqori va past bosim rotorlari ishchi kuraklari, generator hamda transformatorlarida ishlar olib borildi.

Ushbu ishlarni sifatli va oʻz muddatida amalga oshirish maqsadida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ 200 nafarga yaqin malakali mutaxassislari jalb etildi.
Remont kampaniyasining samarali tashkil etilishi natijasida ushbu energoblokning ishlab chiqarish quvvati 140 MVtdan 150 MVtga yetkazildi.
Tizimning raqamlashtirilishi orqali yoqilgʻi sarfi kamayishiga, natijada mahsulot tannarxi pasayishiga erishildi. Bu esa yiliga 458,6 ming kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinishi imkonini beradi. Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning tashlamalari miqdori 108,4 tonnaga kamaytiriladi.
Navoiy issiqlik elektr stansiyasida esa 3-son energoblokda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Taʼmirlash davrida qozon va turbina agregatlarida texnik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu ishlarga “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ 250 nafar, stansiyaning 50 nafar ishchi-xodimlari jalb etildi.
Taʼmirlash ishlarini bajarish natijasida qurilmalarning texnik iqtisodiy koʻrsatkichlari yaxshilanib, ishonchli ishlash darajasi oshirildi.
Xususan, oʻrnatilgan quvvati 150 MVt boʻlgan 3-energoblok taʼmirlanishi natijasida yil yakuniga qadar 5 mln. kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Joriy yilning 20-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chogʻida energetika tarmogʻi korxonalarida yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash jarayonida mahalliy korxonalarning ishtirokini kengaytirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu yoʻnalishdagi vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ ham energetika tarmogʻining asosiy generatsiya quvvatlari boʻlgan issiqlik elektr stansiyalarida modernizatsiya, taʼmirlash va ekspluatatsiya ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring