Oʻzbek olimlari yaratgan darslik xalqaro koʻrgazmada yuqori baholandi

11:55 05 May 2025 Jamiyat
410 0

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti akademigi Bakridin Zaripov hamda fiziolog olim, biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Gulsara Ahmedova hammuallifligida tayyorlangan “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtayotgan 34-xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Ishtirokchilar ushbu darslikni ingliz, arab va boshqa tillarga tarjima qilib nashr etish taklifini berishdi.

Fiziologiyani hayot haqidagi fan, deyishadi. Zero, ushbu fundamental fan tibbiyot hamda veterinariyaning asosi boʻlib, organizmning hayotiy jarayonlarini, uni tashkil etuvchi fiziologik tizimlarni, shuningdek, atrof-muhit tashqi omillarining hayot jarayonlariga taʼsirini oʻrganadi. Sodda qilib aytganda, fiziologiya insoniyat rivojlanishi jarayonida — ontogenez va filogenezda ong, tafakkur, bilish va oʻrganish, sogʻliqni saqlashning tub mexanizmlarini oʻrgatadi. Shu bois jahonning eng nufuzli mukofotlaridan biri — Nobel mukofoti aynan fiziologiya va meditsina yoʻnalishidagi yangiliklarga beriladiki, bu esa ushbu fanning insoniyat farovon hayoti va baxtli kelajagi yoʻlida nihoyatda ulkan ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlab turibdi.

Biroq fiziologiya fanini oʻqitishda oʻzbek tilidagi ilmiy adabiyot hamda darsliklarning kamligi oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari va talabalari uchun qiyinchilik tugʻdirayotgan edi. Shu maʼnoda, odam va hayvonlar fiziologiyasi boʻyicha fundamental bilimlarni yetkazish maqsadida “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” nomli darslik chop etilgani ayni muddao boʻldi. Buni biologiya, tibbiyot, veterinariya, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlaridagi universitetlar oʻqituvchilari va talabalari uchun ajoyib tuhfa boʻldi, deyish mumkin.

Mazkur qoʻllanma “Zamin-nashr” nashriyoti tomonidan chop qilingan boʻlib, 16 bob, 645 sahifadan iborat. U oʻz ichiga fiziologiya fanining klassik va zamonaviy yutuqlari haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni jamlagan. Fiziologiyaning asosiy boʻlimlari keng yoritilib, qiyosiy jihatdan fiziologik va funksional tizimlarning xususiyatlari koʻrsatilgan.

— Keyingi paytda fiziologiya dunyo ilmiy markazlarida eng tez rivojlanayotgan fanlardan biriga aylandi, — deydi darslik muallifi, akademik Bakriddin Zaripov. — Ayniqsa, molekulyar fiziologiyaning paydo boʻlishi koʻplab kashfiyotlarga katta turtki boʻldi. Bugungi kunda ulardan nafaqat biologiyada, balki tibbiyot, pedagogika, psixologiya, sud-tibbiy ekspertizasi, arxeologiya kabi muhim sohalarda keng foydalanilmoqda. Biz mazkur darslikni tuzishda fiziologiya sohasidagi shu kabi zamonaviy tadqiqotlar, xalqaro ilmiy adabiyotlar va oʻquv-uslubiy tavsiyalarni inobatga oldik. Kitobda fiziologik jarayonlarning molekulyar, hujayraviy, toʻqima va tizimli darajadagi asoslari batafsil yoritildi.

Aytish joizki, darslikka kiritilgan har bir mavzuda organizmdagi turli tizimlarning funksional mexanizmlari, ularning moslashuv imkoniyatlari va fiziologik jarayonlarning ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan maʼlumotlari keltirildi. Shu bois u kelgusida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun ham nazariy asos boʻlib xizmat qiladi, albatta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?